O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Bosh prokuratura huzuridagi Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti hamkorligida Toshkent shahrida o‘tkazilgan tezkor tadbirlar davomida xorijga noqonuniy migratsiyani tashkil etishga uringan mahalliy va xorijiy fuqarolarning harakatlari to‘xtatildi.
150 ming dollar evaziga AQShga yuborishni va’da qilgan shaxs ushlandi
Birinchi holatda, 1992-yilda tug‘ilgan, Samarqand shahrida yashovchi fuqaro bir xorijiy fuqaroni va uning 4 nafar oila a’zosini har birini 30 ming AQSh dollari evaziga Turkiya orqali AQShga ishga yuborishini va’da qilgan. Buning uchun u viza hujjatlarini tanish mansabdorlar yordamida rasmiylashtirishni aytib, oldindan 15 ming AQSh dollarini olgan vaqtida ushlandi.
Soxta pasportlar bilan AQShga yuborishni rejalashtirgan chet ellik ham ushlandi
Ikkinchi holatda, Toshkentda vaqtincha yashab kelayotgan 2004 yilda tug‘ilgan xorijiy fuqaro boshqa bir chet el fuqarosining ishonchiga kirib, unga Buyuk Britaniya fuqaroligini aks ettiruvchi soxta pasport va ID-kartalarni tayyorlab berishni va’da qilgan. U, mazkur hujjatlar orqali Turkiya va BAA orqali AQShga yuborishni rejalashtirib, buning evaziga jami 25 ming AQSh dollari talab qilgan.
Tezkor tadbir chog‘ida u oldindan 12,500 AQSh dollarini olgan vaqtida qo‘lga olindi. Shuningdek, uning yashash manzilidan soxta pasport va ID-kartalar ashyoviy dalil sifatida musodara qilindi.
Har ikkala holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi “a” bandi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi 3-qismi “a” bandi (hujjatlar tayyorlash va foydalanish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.