Dunyoning eng mashhur texnologik kompaniyasi — Apple o‘zining eng muhim mahsuloti bo‘lgan iPhone’siz kelajak haqida o‘ylay boshladi.
Hozirgi kunda kompaniya daromadining yarmi aynan iPhone’dan tushadi, lekin ichkarida bu telefon yana 10 yil yashamaydi, degan fikrlar paydo bo‘lgan.
Apple vitse-prezidenti Eddi Kyu shunday dedi:
“Ehtimol, 10 yildan keyin sizga iPhone umuman kerak bo‘lmaydi.”
Bunga sabab — sun’iy intellekt (AI) va yangi texnologiyalarning tez rivojlanishidir. Endilikda foydalanuvchilar telefon o‘rniga ko‘zoynak, ovoz yoki hatto sun’iy intellekt orqali qurilmalar bilan ishlashlari mumkin.
Apple rahbari Tim Kuk yengil, oddiy odamlar kunlik hayotda taqib yuradigan aqlli AR ko‘zoynaklar yaratishni istaydi. Hozircha esa ular ishlab chiqqan Vision Pro nomli qurilma bor, lekin u juda qimmat, og‘ir va undan foydalanish oson emas.
Telefon o‘rnini nima egallaydi?
iPhone o‘rniga ikki asosiy variant bor:
— Apple’ning o‘zi ishlab chiqaradigan aqlli ko‘zoynaklar
— OpenAI va Apple’ning sobiq dizayneri Joni Ayv yaratayotgan yangi sun’iy intellekt qurilmasi.
Texnologiya tahlilchilarining aytishicha, agar telefon o‘rniga ko‘zoynak, AI-assistent yoki boshqa “ko‘rinmas” qurilmalar kirib kelsa, bu faqat texnika emas, balki jamiyatning axborot olish uslubi, odamlararo aloqa va hatto davlat siyosatiga ham ta’sir qiladi.
Shunga qaramay, Apple daromadining yarmi hozir ham iPhone’ga bog‘liq. Shunday bo‘lsa-da, kompaniya asta-sekin kelajak uchun yangi yo‘nalishlar ochishga majbur bo‘lmoqda. Ular nafaqat yangi gadjet, balki butun tizimni – ilovalar, operatsion tizim va servislarni ham yangi davrga moslashtirmoqda.