Ilmiy daraja beruvchi ilmiy kengashlar 2027-yil 1-yanvardan 100 ballik reyting asosida baholanishi mumkin. 55 ball va undan past natija olgan kengash muddatidan oldin tugatiladi, uning raisi va ilmiy kotibi esa boshqa kengashlarda ishlashdan chetlashtiriladi.
Bu Vazirlar Mahkamasi qarori loyihasida belgilangan. Loyiha normativ-huquqiy hujjatlar loyihalari muhokamasi portalida 25-noyabrdan 10-dekabrgacha jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Hujjat Prezidentning 2026-yil 26-maydagi PF–98-son Farmoni ijrosi uchun tayyorlangan. Hozircha bu loyiha, qabul qilinganidan keyin o‘zgarishi mumkin.
Kengash qanday baholanadi
Baholash Fanlar akademiyasi huzuridagi Oliy attestatsiya komissiyasi (OAK) tomonidan Yagona ilmiy attestatsiya axborot tizimi orqali avtomatik tarzda o‘tkaziladi. Mezonlar:
- ilmiy natijalar sifati va xalqaro standartlarga mosligi — 35 ballgacha;
- kengash faoliyatining samaradorligi, shaffofligi va adolatliligi — 35 ballgacha;
- kengash a’zolarining ilmiy salohiyati va faolligi — 30 ballgacha.
Kengash qarori OAK tomonidan bekor qilinsa, unga oid shikoyat yoki apellyatsiya o‘z tasdig‘ini topsa, akademik etika va ilmiy halollik buzilsa, umumiy balldan 20 ballgacha jarima ayiriladi. Baholash metodikasini OAK ishlab chiqadi va har ikki yilda tasdiqlaydi.
To‘rt guruh va ularning oqibati
- Yuqori guruh (85–100 ball) — kengash tajribasi boshqa OTM va ilmiy tashkilotlarda targ‘ib qilinadi, raisi, rais o‘rinbosari va ilmiy kotibini byudjetdan tashqari mablag‘ hisobidan rag‘batlantirish tavsiya etiladi.
- O‘rta guruh (71–84 ball) — odatiy tartibda ishlaydi, OAK tavsiyalar beradi.
- Quyi guruh (56–70 ball) — tashkilotga kamchiliklarni bartaraf etish va kengash tarkibini qayta shakllantirish bo‘yicha majburiy ko‘rsatma yuboriladi; rais, uning o‘rinbosari va ilmiy kotib qayta tasdiqlanadi.
- Past guruh (55 ball va undan past) — kengash faoliyati muddatidan oldin tugatiladi; raisi va ilmiy kotibi OAK belgilagan muddatga respublikadagi istalgan ilmiy kengash va ekspertizada qatnashishdan chetlashtiriladi; o‘sha tashkilotda shu ixtisoslik bo‘yicha yangi kengash ochishga bir yil cheklov qo‘yiladi.
Himoyaga chiqayotgan doktorantlarga nima bo‘ladi
Kengash tugatilsa yoki tarkibi qayta shakllantirilsa, unda muhokama yoki himoya arafasida turgan dissertatsiyalar OAK belgilagan tartibda boshqa tegishli ilmiy kengashga yo‘naltiriladi. Ya’ni talabgorning ishi to‘xtab qolmaydi, lekin boshqa kengashda ko‘rib chiqiladi.
Dissertatsiyalar mustaqil ekspertizadan o‘tadi
- OAK mahalliy va xorijiy olimlardan iborat mustaqil ekspertlar reyestrini yuritadi, eksperlar inson omilisiz va anonim tanlanadi;
- qaysi dissertatsiya ekspertizaga yuborilishi kengash reytingi, plagiat va sun’iy intellektdan foydalanish ko‘rsatkichlari hamda asosli murojaatlarga qarab belgilanadi;
- ekspertiza xulosalari kengash reytingiga ta’sir qiladi, ekspertlarga gonorar to‘lanadi.
Shikoyat va apellyatsiya
Kengash faoliyati ustidan shikoyat Yagona ilmiy attestatsiya tizimi orqali faqat elektron shaklda beriladi, anonim murojaatlar ko‘rib chiqilmaydi. Shikoyat 3 ish kunida dastlabki o‘rganiladi; tekshiruvda tizimdagi videoyozuvlar, elektron bayonnomalar va ovoz berish natijalari solishtiriladi.
Reyting natijasidan norozi kengash yoki tashkilot natija e’lon qilingandan keyin bir oy ichida apellyatsiya berishi mumkin. Uni mustaqil olimlardan tuzilgan Apellyatsiya komissiyasi bir oyda (zarur bo‘lsa yana 15 kunga uzaytirib) ko‘rib chiqadi.
Reyting ko‘rsatkichlari, metodika va baholash natijalari Yagona ilmiy attestatsiya tizimi hamda OAK saytida ochiq e’lon qilinishi belgilangan. Loyihaga taklif va fikrlarni 10-dekabrgacha muhokama portalida qoldirish mumkin.




