Javohir Sindarov Jenevadagi jahon chempionati uchun o‘yinning birinchi partiyasidan keyin matbuot anjumanida hayajoni, debyut tanlovi va o‘tkazib yuborgan imkoniyati haqida gapirdi. Partiya 38 yurishda durang bilan yakunlangan, hisob 0,5:0,5.
Matchni Jarayon’da jonli kuzatingHar bir yurish, ikkala o‘yinchining soati, kompyuter bahosi va o‘z variantingizni yurib ko‘rish imkoniyatiJonli taxtani ochishHayajon va birinchi partiya
“Turnirdan oldin, albatta, juda hayajonlandim, o‘yin haqida ko‘p o‘yladim. Lekin bugun shunchaki o‘yindan zavqlanishga harakat qildim. Menimcha, yaxshi partiya o‘ynadik.”
Sindarovning aytishicha, birinchi partiyada asosiy maqsad raqibni o‘rganish bo‘lgan:
“Imkoniyat bo‘lsa, qaysi partiya bo‘lishidan qat’i nazar, doim g‘alabaga intilasiz. Lekin birinchi partiyada odatda raqibni o‘rganasiz va xavfsiz o‘ynaysiz. Men ham shunday qildim: pozitsiyani nazoratda ushlab, vaqt bo‘yicha bosim o‘tkazishga urindim. Oxirida raqibim juda yaxshi himoyalandi. Durang esa yomon natija emas.”

Nega Berlin endshpili
Sindarov oldin bu variantga hech qachon kirmagan, Gukeshga qarshi birinchi marta o‘ynadi. U tanlovini shunday izohladi:
“Odatda birinchi partiyada mustahkamroq o‘ynaysiz, turnir zaliga moslashasiz. Shuning uchun ortiqcha bosim qilmay, o‘yinni nazoratda ushlashga harakat qildim. Menimcha, bu yaxshi tanlov bo‘ldi va juda sifatli partiya chiqdi.”
O‘tkazib yuborilgan imkoniyat
Sindarov o‘yindan keyin ikki joyda boshqacha o‘ynash mumkin bo‘lganini tan oldi. Birinchisi — 14-yurish:
“Birinchi qiziq lahza u 13-yurishda filni d7 ga qo‘yganida bo‘ldi. Bu mantiqiy yurish emas deb o‘ylab, ancha o‘yladim. Xayolimga birinchi kelgani ruxni d2 ga o‘tkazish edi, lekin c4 ham yomon bo‘lmaydi deb shuni o‘ynadim. O‘yindan keyin rux bilan d2 yaxshiroq bo‘lgan degan fikrga keldim, chunki g‘oyalaringizni yashirib turasiz.”
Ikkinchisi — Gukesh 40 daqiqa o‘ylagan 17-yurishdan keyingi pozitsiya:
“U 17-yurishda filni b4 ga qo‘ygandan keyin ruxni b2 ga o‘tkazishim kerak edi. Bu juda ayyorona va qiziq yurish. Ehtimol, qora baribir yaxshi bo‘lardi, lekin pozitsiyasi juda noqulay bo‘lardi.”

Raqib o‘ylaganda nima qiladi
Gukesh uzoq o‘ylagan paytda Sindarov dam olish xonasiga chiqib o‘tirgan. Jurnalistlar bu haqda so‘raganda u shunday javob berdi:
“Kandidatlar turniridan yaxshi tajribam bor, shuning uchun o‘zimni yaxshi his qildim. Vaqtimni bekor o‘tkazmayman, raqibim qaysi yurishlarni o‘ynashi mumkinligini o‘ylayman. Lekin u bu yurishga ko‘pi bilan 20–25 daqiqa sarflaydi deb o‘ylagandim. 40 daqiqa juda ko‘p.”
Bir-birining odatlari haqidagi savolga Sindarov hindistonlik shaxmatchilar o‘yin paytida ko‘zini yumib o‘tirishini aytdi: “Men Arjun, Pragg va Gukesh bilan ko‘p o‘ynaganman, ular doim meditatsiya qiladi. Bu yerda alohida narsa yo‘q.”
Bosim va muxlislar
“Hozir butun shaxmat olami bahsimizni kuzatyapti. Odatda bu katta bosim, lekin bu haqida o‘ylamaslikka, har bir partiyaga diqqat qilishga harakat qilyapman. Eng muhimi — yaxshi shaxmat o‘ynash.”
“Professional sifatida har qanday sharoitda o‘ynashga tayyor bo‘lishimiz kerak. Muxlislar jahon chempionatini yaqindan ko‘ra olayotganidan xursandman. Zalda odam ko‘proq bo‘lgani yaxshi, aks holda juda zerikarli bo‘lardi.”
Keyingi o‘yin: 2-partiya bugun, 25-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi. Unda Gukesh oq donalarda o‘ynaydi. Partiyani Jarayon.uz bosh sahifasida jonli kuzatishingiz mumkin. Birinchi partiya yurishlari — bu yerda.




