O‘zbekiston uchun Sibir daryolari suvini keltirish loyihasida qatnashgandan ko‘ra sug‘orishni modernizatsiya qilib, suvni tejash arzonroq tushadi. Buni suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyev 19-noyabr kuni matbuot anjumanida aytdi.
Vazir Rossiya bilan hamkorlik haqidagi savolga javob berar ekan, rossiyalik olimlar Sibir suvini Markaziy Osiyoga yetkazish g‘oyasini yana muhokama qilayotganini eslatdi. Variantlardan biriga ko‘ra, yiliga taxminan 5 milliard kub metr suv yuboriladi, loyihaning boshlang‘ich qiymati esa 100 milliard dollardan kam bo‘lmaydi.
“Biz o‘zimiz allaqachon 11 milliard kub metr suvni tejayapmiz. Buning uchun 100 milliard dollar sarflamadik. Barcha tadbirlarimiz xarajatini qo‘shsak, taxminan 5 milliard dollar bo‘lishi mumkin”, — dedi Hamroyev. Uning fikricha, sug‘orish tizimini yangilash va suv tejovchi texnologiyalarga yana 5–10 milliard dollar sarflansa, bundan ham ko‘p suv tejaladi.
Sovet loyihasi nima edi?
Sibir daryolarini Markaziy Osiyoga burish rejasi SSSR davrida ishlab chiqilgan. U yiliga taxminan 27 milliard kub metr suvni ko‘chirishni nazarda tutgan va O‘zbekiston, Rossiya, Qozog‘iston hamda qisman Turkmanistonga foyda keltirishi mumkin edi. Biroq 1986-yil 14-avgustda loyiha bo‘yicha ishlar to‘xtatilgan.
Rossiya tomonidan hozir muhokama qilinayotgan yangi variant ochiq kanal emas, balki har biri taxminan 2 100 kilometr uzunlikdagi yettita yopiq quvurdan iborat tizimni ko‘zda tutadi. Unga kamida 100 milliard dollar sarmoya va kamida o‘n yil qurilish kerak bo‘ladi.
Vazir kelajakda O‘zbekistonga qo‘shimcha suv manbalari kerak bo‘lib qolishini istisno qilmadi: bu iqlim, yog‘ingarchilik va chegaradosh daryolardagi suv hajmiga bog‘liq. Tadqiqotlar g‘oyaning maqsadga muvofiqligini tasdiqlasa, unga qaytish mumkinligini ham aytdi.
Hozir qancha suv tejalyapti?
Hamroyev 11-noyabr kuni Qonunchilik palatasida suv tejovchi texnologiyalar, sug‘orishni modernizatsiya qilish va raqamlashtirish hisobiga 10,69 milliard kub metr suv tejalganini ma’lum qilgan edi.
2025–2028-yillarga mo‘ljallangan suv xo‘jaligini rivojlantirish dasturiga ko‘ra, 2 551 kilometr sug‘orish tarmog‘i qayta quriladi, 1,4 million gektar maydonda suv tejovchi texnologiyalar joriy etiladi. Tejaladigan suv hajmi 2028-yilga borib 14 milliard, 2030-yilga borib 15 milliard kub metrga yetishi kerak.




