O‘zgidromet” prognoziga ko‘ra, dushanba kuni O‘zbekiston bo‘ylab yog‘ingarchilik kutilmaydi, faqat kechga tomon Qoraqalpog‘istonning ayrim tumanlarida yomg‘ir yog‘ishi mumkin. Shu kuni shimoldan nam havo oqimining o‘tishi kutilayotgani sabab, shimoliy hududlar, Buxoro va Navoiy viloyatlarida soniyasiga 18 metrgacha kuchayuvchi shamollar va chang to‘zonlari ko‘tarilishi mumkin. Kunduzi havo harorati tog‘larda +20 daraja, shimolda +25 daraja, janub viloyatlarida +30 darajagacha ko‘tariladi. Sutkaning minimal harorati shimol va tog‘larda +5 daraja, boshqa viloyatlarda +8…+10 daraja oralig‘ida o‘zgaradi.
“O‘zgidromet” sinoptiklari seshanba-juma kunlari uchun ishlab chiqqan prognozida seshanbadan tashqari boshqa kunlari yog‘ingarchilik bo‘lmasligi, havo harorati mavsumga xos bo‘lmagan tarzda keskin ko‘tarilib borishini ma’lum qilgan. Seshanba kuni Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Xorazm va Surxondaryo viloyatlari hududlaridan tashqari barcha joylarda yomg‘ir yog‘ib o‘tishi prognoz qilinmoqda.
Ayrim xorijiy ob-havo prognoz modellari chorshanba kuniga o‘tar kechasi, aniqrog‘i 29-oktabr kunning ikkinchi yarmida ya’ni 12 soatlikda Farg‘ona va Andijon viloyati ayrim tumanlarida umumiy miqdorda 10 mm gacha yomg‘ir yog‘ishi mumkinligini ko‘rsatmoqda. Ushbu yog‘ingarchilik prognoz kartasida ushbu hududlar sariq ranglar bilan ko‘rsatilgan.
Manba: Cosmo.ru
Chorshanba-payshanba kunlari respublika bo‘ylab sokin, sentabr oxirlariga xos barqaror ob-havo kuzatiladi, kundan kunga tunda ham, kunduzi ham harorat ko‘tarilib boradi. Seshanba va juma kunlaridagi kunduzgi harorat qiymatlari, vodiy viloyatlaridan tashqari, bir-biriga yaqin bo‘lib, haftaning chorshanba va payshanba kunlariga nisbatan 2 daraja past bo‘ladi. Haftaning issiq kunlari bo‘lmish chorshanba-payshanbasida kunduzlari harorat janubda +28 darajagacha, shimolda +25 darajagacha ko‘tariladi. Chorshanba-juma kunlari vodiyda biroz salqinroq bo‘ladi. Mazkur hududda kunduzlari havo harorati +23 darajagacha ko‘tariladi.
Tunlari shimolda harorat tunda +3 darajagacha, boshqa hududlarda +6…+8 darajagacha pasayadi.
Shanba va yakshanba kunlari shimolda asta-sekin havo harorati pasayadi. Bu respublikaning boshqa hududlariga taa’luqli emas. Umuman, dam olish kunlaridagi ob-havo o‘zgarishlari haqida “O‘zgidromet»ning yaqin kunlarda yangilanadigan ob-havo prognozi axborotidan aniqroq ma’lumot olish mumkin.
“O‘zgidromet»ning boshqa bir axboroti hamda Yevropa o‘rta va uzoq muddatli ob-havo prognoz markazi (ECMWF)ning prognozlariga ko‘ra, hafta (27-oktabr — 2-noyabr kunlari) davomida O‘zbekistonda juda issiq harorat kutiladi. Xususan, mamlakat bo‘ylab bu hafta shu davrga xos o‘tmish oktabrlaridagi me’yoriy harorat muhitidan 3−6 daraja yuqori bo‘ladi.
Yog‘ingarchilik kesimida esa hafta yana quruq o‘tishi ta’kidlanyapti, xususan, tog‘larda bu vaziyat yana ham yomonroq kechadi.
Shunday qilib, hafta deyarli quruq va issiq o‘tishi oydinlashmoqda. Seshanba kuni ba’zi viloyatlarda yengil yomg‘ir yog‘ib o‘tishini inobatga olmasa, tog‘liklardan tashqari respublika aholisi issiq va quruq haftaga guvohi bo‘ladi. Bu kabi muhit qishloq xo‘jaligi tarmog‘ida ekin-tekinni yig‘ishtirish uchun qulay hisoblanadi.
