Toshkent shahri Yashnobod tumani Uchchinor mahallasidagi «Tuzel Park» turar joy majmuasini qurayotgan «PERFECT-MANSIONS» MChJ mansabdorlariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovni Toshkent shahar prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi olib bormoqda. Bu loyiha jamoatchilikka «Imarat development» nomi bilan tanilgan Marat Hamdamov orqali tanish.
Qurilish va uy-joy kommunal xo‘jaligi sohasida nazorat qilish inspeksiyasining Toshkent shahar hududiy nazorat inspeksiyasi ma’lumotiga ko‘ra, Yashnobod tumani Uchchinor mahallasi hududida «PERFECT-MANSIONS» MChJ tomonidan qurilayotgan ko‘p qavatli turar joy binosi, uning pastki qavatlarida joylashgan savdo-maishiy majmua hamda yerto‘la qismidagi avtoturargoh qurilishi Vazirlar Mahkamasining 2022 yil 20 apreldagi 200-sonli qarori 5-ilovasi talablariga zid ravishda amalga oshirilayotgani aniqlangan. Xususan, obektda belgilangan tartibda hududiy inspeksiyada ro‘yxatdan o‘tmasdan, o‘zboshimchalik bilan yer ishlari olib borilgan.
Kun.uz’da mavjud hujjatga ko‘ra, «PERFECT-MANSIONS» MChJ shaharsozlik normalari va qoidalarini buzgan holda, qurilish sohasida hududiy nazorat inspeksiyasidan ro‘yxatdan o‘tmasdan, qurilishga ruxsat beruvchi huquqiy jarayonlarni rasmiylashtirmasdan o‘zboshimchalik bilan ko‘p qavatli turar joy majmuasini barpo etishni boshlagan.
Toshkent shahar prokuraturasining Kun.uz’ga ma’lum qilishicha, «PERFECT-MANSIONS» MChJ mansabdor shaxslariga nisbatan Jinoyat kodeksining 192-11-moddasi (nodavlat tijorat tashkilotida mansabdor shaxslar tomonidan o‘z vakolatlarini suiiste’mol qilish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Tergovni shahar prokuraturasining O‘ta og‘ir jinoyatlarni tergov qilish bo‘limi olib bormoqda.
Avvalroq jamoatchilikka «Imarat development» nomi bilan tanilgan Marat Hamdamov loyihalari haqida Kun.uz e’lon qilgan surishtiruvda «Tuzel Park» turar joy majmuasi haqida ham so‘z borgandi.
Unda fuqaro Ziyoda Ochilova ushbu loyihadan 1 xonali xonadon uchun qariyb 134 mln so‘m pul to‘lagani, ammo ma’lum vaqt o‘tsa-da, qurilish boshlanavermagach, shartnomani bekor qilishga ariza yozgani haqida aytgandi.
Shu yil iyul oyida poytaxt hokimligi 59 ta obektda qurilish to‘xtatilib, elektr tarmog‘idan uzib qo‘yilgani haqida xabar bergandi. Ushbu ro‘yxatda «Tuzel Park»ni qurayotgan «PERFECT-MANSIONS» MChJ ham mavjud.
Ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, «PERFECT-MANSIONS» MChJning ustav kapitaliga Bahrom Saitov (98 foiz) va Muhammad Dilshodov (2 foiz) egalik qiladi. Firma rahbari Ilhom Boboqulov. «Imarat development» yoki Marat Hamdamov ta’sischilar yoki boshqaruv tarkibida rasman ko‘rinmaydi.
