2025 yilgi davlat dasturida belgilangan AI-80 benzinidan voz kechish vazifasiga muvofiq, “O‘zbekneftgaz” 2 sentabrdan e’tiboran bu markali benzinni birja savdolariga chiqarishni to‘xtatdi. Kompaniya uning o‘rniga AI-92 taklifi oshirilganini bildirdi.
“O‘zbekneftgaz” bugundan boshlab AI-80 benzinini birja savdolari orqali sotishni to‘xtatdi.
Kompaniya matbuot xizmati xabariga ko‘ra, bu – 2025 yilgi davlat dasturiga oid prezident farmoni ijrosi bilan bog‘liq. Shunga ko‘ra, 2 sentabrdan boshlab, Ai-80 benzini birjaga chiqarilmaydi.
“O‘z navbatida, AI-92 rusumidagi avtobenzinning birja savdolariga chiqarish hajmlari oshirildi. Shu vaqtga qadar 1000 tonna AI-92 benzini savdolarga qo‘yilgan bo‘lsa, bugungi kunda bu raqam 1720 tonnani tashkil etmoqda. Ichki bozor talabidan kelib chiqib, bu hajmlarni oshirish imkoniyati mavjud”, – deyiladi “O‘zbekneftgaz” bayonotida.
Qayd etilishicha, avgust oyida tadbirkorlar tomonidan xarid qilingan AI-80 rusumidagi avtobenzin hajmlari majburiyat va mavjud qoldiqlar doirasida sentabr oyida ham o‘z egalariga yetkazib beriladi.