Elektron pochta: jarayonuz@gmail.com

Kurs UZS USD 12 460.70 −21.68 EUR 14 545.38 +4.66 RUB 155.06 −0.17

Namangan shahar hokimi 60 ming dollar pora olayotganda qo‘lga olindi

Namangan shahar hokimi va poyabzal ishlab chiqaruvchi MCHJ rahbari o‘zaro til biriktirib, qurilish sohasida tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanmoqchi bo‘lgan fuqaroga shahar hududidagi 35 sotix yer maydonida joylashgan, ma’nan eskirgan turar-joy binolari o‘rniga ko‘p qavatli uy barpo etish huquqini olib berish va moliyalashtirish evaziga 60 ming AQSH dollari talab qilishadi.

 

O‘tkazilgan tezkor tadbirda dastlab Jamiyat rahbari ushbu so‘ralgan pul mablag‘ini olgan vaqtida ashyoviy dalillar bilan ushlandi.

 

Shundan so‘ng tezkor tadbir davom ettirilib, shahar hokimi o‘zining yana bir ishonchli odami bo‘lgan – hokimlikning devonxona mudiri orqali MCHJ rahbaridan 60 ming AQSH dollarini olgan vaqtida uning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.

 

Hozirda Namangan shahar hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, DXX tomonidan unga va devonxona mudiriga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan, MCHJ rahbariga nisbatan esa Jinoyat Kodeksining 168-moddasi 4-qismi «a» bandi va 211-moddasi 3-qismi «a» bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

 

Shahar hokimiga nisbatan «qamoq» ehtiyot chorasi qo‘llanildi.

 

Eslatib o‘tamiz, 2023-yildan buyon Anvar Xojaxonovich Otaxo‘jayev Namangan shahar hokimi vazifasida faoliyat yuritib kelayotgan edi.