Elektron pochta: jarayonuz@gmail.com

Kurs UZS USD 12 460.70 −21.68 EUR 14 545.38 +4.66 RUB 155.06 −0.17

Piskent sinov majmuasida avtomobillarni sinovlardan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi

O‘zbekiston texnik jihatdan tartibga solish agentligi tomonidan iste’molchilar manfaatlarini ta’minlash va sifat kafolatiga ega bo‘lmagan avtomobillarni respublikamizga olib kirilishini hamda jamoat yo‘llarda baxtsiz hodisalarning oldini olish maqsadida, 2024-yilning 1-noyabridan boshlab Piskent sinov majmuasida avtotransport vositalari Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan texnik reglamentga muvofiq sinovlardan o‘tkazilgan.

Tahlil natijalariga ko‘ra, respublikamizga texnik reglamentga muvofiq transport turi ma’qullanmagan yengil avtomobillarning import qilingani sababli, ularning sinovlari birma-bir o‘tkazilishiga sabab bo‘lgan.

Yurtimizda 2024-yilgacha faqatgina 3 ta dilerlik markazlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, ular atiga 15 ta avtomodel uchun turini ma’qullash hujjatini olgan edi xolos.

Hozirgi kunda esa, 21 ta xorijiy kompaniyalarning rasmiy dilerlari o‘z faoliyatini boshladi va 100 dan ortiq avtomobil rusumlariga turini ma’qullash hujjatlari rasmiylashtirildi.

Buning natijasida, iste’molchilarga sifati va xavfsizligi ta’minlangan, hamda kafolatlangan avtotransport vositalarini yetkazib berish tizimi takomillashtirildi. Natijada iste’molchilarga rasmiy dilerlardan turli rusumdagi avtotransport vositalarini xarid qilish imkoniyati yaratildi.

Shu munosabat bilan, respublikamizda rasmiy dilerlar va servis markazlari soni keskin oshganligi hamda iste’molchilarning rasmiy dilerlar bilan ishlash amaliyoti joriy etilganligini inobatga olib, 2025-yil 2-sentabrdan avtomobillarni Piskent avtopoligonida sinovdan o‘tkazish amaliyoti to‘xtatiladi.

Ma’lumot o‘rnida, yurtimizga import qilinayotgan avtomobillarning sifati va xavfsizligini ta’minlash doimiy nazorat qilinib, amaldagi talablarga ko‘ra nomuvofiqliklar aniqlanganda, iste’molchilardan e’tirozlar kelib tushganda ushbu avtomobillarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilishi ta’minlanadi.

O‘z o‘rnida yurdoshlarimizga avtomobil xaridini rasmiy dilerlar orqali amalga oshirishlari tavsiya etiladi.