Oʻzbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi vazifasini vaqtinchalik bajaruvchi Temur Kapadze milliy jamoamizga Pablo Bentuning tayinlanishi mumkinligi haqidagi xabarga oʻz munosabatini bildirdi.
«Ayni paytda terma jamoamiz bilan «Doʻstlik«dagi yangi bazamizda mashgʻulotlarni oʻtkazyapmiz. Pablo Bentuning Toshkentga kelganini koʻrdik. Ushbu murabbiy bilan qanchalik kelishuvga erishilganidan xabarimiz yoʻq. Hammamiz uchun eng asosiysi — Vatan jamoasi. Agar Bentu boshqaradigan boʻlsa, xayrli boʻlsin, deyman. Biz hamisha milliy jamoamizni qoʻllab-quvvatlaymiz. Bu yerdagi shunchaki nom uchun emas, bosh murabbiy kim boʻlishidan qatʼi nazar Vatan jamoasini qoʻllab-quvvatlaymiz. Har birimiz jamoamizga muxlislik qilishimiz kerak.
Internet tarmoqlaridagi turli gap-soʻzlarni koʻryapman. Meni qoʻllab-quvvatlayotganlarga rahmat aytaman. Ulardan Alloh rozi boʻlsin.
Rahbariyat, tajribali, jahon chempionatini koʻrgan murabbiy bilan birga ishlash niyatida. Balki, bu yaxshilikka boʻlishi mumkin. Jahon chempionatida orttirilgan tajriba ahamiyatga ega boʻlishi mumkin. Biz ham qoʻldan kelgancha har doim yordamlashamiz. Qolganini vaqt koʻrsatadi.
Nima boʻlganda ham, meni qoʻllab-quvvatlagan muxlislarga rahmat aytaman. Rahbariyat qanday qaror qabul qilsa, buni qoʻllab-quvvatlash kerak. Buni jiddiy tanqid qilish kerak emas. Jahon chempionatiga koʻp vaqt qolmadi. Biz Mundialda ilk marta ishtirok etamiz. Aksincha, futbolchilarga yaxshi energiya va yaxshi kayfiyat berishimiz zarur.
Xudoga shukur, qisqa vaqt davomida boʻlsa ham Milliy jamoani boshqardim. Xalqimizning 34-yillik orzusi amalga oshdi. Bundan barchamiz xursandmiz. Oʻylaymanki, yaxshilikka boʻladi. Muhimi — terma jamoamiz kuchli boʻlsin, oʻz oʻrniga ega boʻlsin, xalqimiz bundan xursand boʻlsin«, — dedi Kapadze.