Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Bu qiziq

“A.U.Ye.” oʻzi nima va u qayerda shakllangan?

Abrambek Azimov 05.08.20252 daqiqa o'qiladi
1281

Soʻnggi yillarda yoshlar orasida turli jinoiy guruh va submadaniyatlarning taʼsiri keskin oshmoqda. Shulardan biri – “A.U.Ye.” deb ataluvchi jinoiy harakat boʻlib, u nafaqat oʻsmirlarni, balki chet elga, ayniqsa Rossiyaga borib ishlayotgan fuqarolarimizni ham oʻz domiga tortayotgani bilan jiddiy xavotir uygʻotmoqda.

Bu orqali nafaqat ota-onalar, balki mehnat muhojirlarini ham ogohlikka, hayoti va erkinligiga befarq boʻlmaslikka chaqiramiz.

 

“A.U.Ye.” (“Арестантский уклад един” — “Mahbuslar qoidasi yagona”) — Rossiya Federatsiyasida paydo boʻlgan boʻlib, u yerda jinoyatchilikning alohida shakli sifatida eʼtirof etilgan xavfli harakatdir. U “oʻgʻrilar qonunlari”ni ideallashtirib, qamoqxona madaniyatini oddiy hayotga singdirishni maqsad qilgan.

Rossiyada bu harakat 2020-yilda rasman ekstremistik tashkilot sifatida taqiqlangan, uning faoliyati uchun jinoiy javobgarlik belgilangan.

 

Afsuski, bu tuzilma taʼsiri Rossiyada vaqtinchalik ishlab yurgan ayrim Oʻzbekiston fuqarolariga ham yetib bormoqda. Ommaviy axborot vositalarida va rasmiy manbalarda qayd etilishicha, soʻnggi yillarda bir nechta yurtdoshlarimiz A.U.Ye. harakatini qoʻllab-quvvatlagani yoki unda ishtirok etgani uchun Rossiya qonunchiligiga asosan jinoiy javobgarlikka tortilgan.

Bu holat nafaqat ularning erkinligiga, balki Oʻzbekiston fuqarolari imidjiga ham salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.

 

Guruh aʼzolari asosan internet orqali — ijtimoiy tarmoqlar, chatlar va video platformalarda oʻz saflariga odam jalb qilishadi. Shuningdek, ular mehnat muhojirlari orasida ham “братва”, “общак”, “закон по понятиям” kabi iboralar orqali taʼsir oʻtkazishga harakat qilishadi.

A.U.Ye. safida yurish shunchaki “ishdan keyingi doʻstona guruh” emas — bu harakat bilan bogʻlanish insonni jinoiy faoliyatga tortadi.

 

Rossiya Federatsiyasi qonunchiligiga muvofiq, A.U.Ye. harakatlariga aloqadorlik uchun 300 ming rubldan 600 ming rublgacha jarima, yoki 1-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish, 1-yildan 4-yilgacha majburiy mehnat (axloq tuzatish) ishlariga jalb etish, yoxud 2-yildan 6-yilgacha ozodlikdan mahrum qilish bilan jazolanishi mumkin.

Ishsizlik, deportatsiya, insonning huquqiy maqomi, erkin harakat qilish va oila kelajagini xavf ostiga qoʻyadi.

Ota-onalar va fuqarolarga murojaat:

Farzandlaringiz kimlar bilan gaplashmoqda?

Rossiyada mehnat qilayotgan tanishlaringiz, qarindoshlaringiz atrofida kimlar bor?

“Закон по понятиям”, “общак”, “смотрящий” kabi atamalarni eshitdingizmi?

Bu kabi belgilarni jiddiy qabul qiling. Har bir kechiktirilgan soʻz — ertaga fojiaga aylanishi mumkin.

A.U.Ye. — bu faqat Rossiyada emas, balki xorijda mehnat qilib yurgan yurtdoshlarimiz uchun ham real tahdid. Jinoyat yoki “oʻgʻrilar qonuni” orqali hurmat qozonishni emas, halol mehnat va oilaviy baxtni qadrlash kerak. Nafaqat farzandlaringizni, balki oʻz kelajagingizni ham jinoiy tuzilmalardan asrang. Ogoh boʻling!

 

img

Biz bilan bir jarayonda bo'ling!

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *