Yandex Uzbekistan oʻzining navigatsiya xizmatlarida svetoforlarning chiroqlarini real vaqtda koʻrsata boshladi. Bu orqali haydovchilar hatto koʻrinish cheklangan holatlarda ham svetoforning qaysi chirogʻi yonib turganini bilishlari mumkin boʻladi. Shu bilan birga, ular harakat yoʻnalishini oldindan rejalashtirib, chorrahalardagi YTHlar ehtimolini kamaytirishlari mumkin.
Yangi yechim kelajakda haydovchilarga “yashil toʻlqin” orqali harakatlanish uchun optimal tezlikni tavsiya qilish, tirbandliklar va taksi yetib kelish vaqti prognozi aniqligini oshirish imkonini beradi. Pilot loyiha Oʻzbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda.
Hozirda mazkur yangilik Toshkentda sinov tariqasida joriy etilgan. Ayrim hududlarda – masalan, Amir Temur shohkoʻchasi hamda Tiklanish va Gulyor koʻchalari kesishmasidagi svetoforlar toʻgʻrisidagi maʼlumotlar Yandex Maps va Navigator xizmatlarida allaqachon koʻrsatilmoqda. Yandex Uzbekistan bu yechimni boshqa shaharlarga ham kengaytirishni rejalashtirmoqda.
Endi haydovchilar smartfon ekrani orqali svetoforning qaysi chirogʻi yonib turganini bilishlari mumkin. Kelgusida esa ekranda harakatni qachon davom ettirish mumkinligini koʻrsatuvchi teskari taymer ham joriy etiladi. Bu oʻz navbatida harakatdagi keskin burilishlar yoki toʻxtash chizigʻida ortiqcha toʻxtashlar sonini kamaytiradi va chorrahalardagi xavf-xatarlarning oldini oladi. Bunday maʼlumot ayniqsa, yangi haydovchilar uchun shaharda harakatlanishni yengillashtiradi.
Svetoforlar haqidagi maʼlumot navigatsiya xizmatlariga manzilga yetib borish vaqti prognozi aniqligini oshirishga yordam beradi. Bu hisob-kitoblarda endi oʻrtacha emas, balki haqiqiy toʻxtash vaqtlari inobatga olinadi. Shuningdek, haydovchilarga bir nechta chorrahalardan yashil chiroqda oʻtib ketish uchun ruxsat etilgan optimal tezlikni tavsiya qilish mumkin boʻladi. Qoʻllanmaning boshqa shaharlarga ham tatbiq qilinishi yoqilgʻi tejamkorligiga hissa qoʻshadi. Texnologiya tirbandliklar prognozini aniqroq qilish va ularning sababini tushuntirish imkonini ham beradi.
Hozirda svetoforlar haqidagi maʼlumotlar Yandex Maps, Navigator hamda Apple CarPlay va Android Auto dasturlarida mavjud. Bundan tashqari, ushbu yechim Yandex Go xizmatida ham joriy qilinishi mumkin. Bu taksi chaqirish va yoʻl vaqti aniqligini yanada oshiradi.