Bugun, 16-iyul kuni soat 14:40 larda Qashqadaryo viloyatining Koʻkdala tumanida joylashgan “Oltindala” mahalla fuqarolar yig‘inida gaz quyish shoxobchasi hududida kuchli portlash sodir bo‘ldi. Portlashga yonilg‘i saqlanayotgan rezervuardagi chaqnash sabab bo‘lib, ortidan yong‘in yuzaga kelgan.
Favqulodda vaziyatlar vazirligi matbuot xizmatining xabar berishicha, voqea joyiga 5 daqiqa ichida — soat 14:45 da — 4 ta yong‘in-qutqaruv brigadasi yetib borgan. Yong‘in soat 15:00 da qamrab olingan, 15:35 da esa butunlay o‘chirilgan.
Hodisa oqibatida 4 nafar fuqaro hayotdan ko‘z yumdi. Halok bo‘lganlar shaxsi aniqlanmoqda.
Voqea joyiga FVV, IIB, sog‘liqni saqlash xizmatlari, prokuratura hamda boshqa tegishli idoralar vakillari jalb etilgan.
Sog‘liqni saqlash vazirligi tomonidan Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi bosh direktori boshchiligidagi malakali shifokorlar guruhi ham voqea joyiga yuborilgan.
Hozirda hodisaning sabablari yuzasidan surishtiruv ishlari olib borilmoqda.