Jizzax viloyati Sharof Rashidov tumani hokimligining bosh mutaxassisi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbariga tuman hududidan ko‘p qavatli uy-joy qurish uchun yer maydoni ajratib berishni va’da qiladi va evaziga 30 ming AQSH dollari talab qiladi.
Joriy yilning 5-iyul kuni bosh mutaxassis so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollarini olib, tuman hokimiga beradi. 8-iyul kuni esa tadbirkordan qolgan 20 ming AQSH dollarini ham oladi. Unga tuman hokimining tegishli qarori bilan “Tokchilik” MFY hududida umumiy o‘rta ta’lim maktab binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta ko‘p qavatli uy qurilishiga ruxsat berilgan hujjatlarni taqdim etadi.
So‘ngra, bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida tuman hokimiga 10 ming AQSH dollarini bergan vaqtida DXX xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
Hozirda Sharof Rashidov tumani hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan, bosh mutaxassisga esa Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Eslatib o‘tamiz, Mahmud Parsamatovich Xolbo‘tayev 2019-yil 26-oktyabridan Sharof Rashidov tumani hokimi vazifasida ishlab kelayotgan edi. U O‘zbekiston Respublikasi mustaqilligining 33-yilligi munosabati bilan “Do‘stlik” ordeni bilan ham taqdirlangan.