Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida yoʻl harakati xavfsizligini taʼminlash, infratuzilmasini yaxshilash va tirbandliklarni kamaytirish chora-tadbirlari yuzasidan videoselektor yigʻilishi boʻlib oʻtdi.
Yigʻilishda boshqa masalalar qatorida qoidabuzarlik uchun ayrim YHXBlar oradan 7-8 oy oʻtib jarima qoʻllash qarorini chiqarayotgani boʻyicha eʼtirozlar koʻpligi koʻrsatib oʻtildi.
Endilikda qoidabuzarlik sodir etilgan kundan boshlab bir oyda qarori chiqmasa, haydovchi hech qanday jarima toʻlamasligi belgilandi.
Zamonaviy yoʻllar qurilayotgani, yuqori xavfsizlik moslamalari mavjud mashinalar soni ham kun sayin koʻpayib borayotgani sababli tezlik masalasida yangicha yondashuvlar kerakligi taʼkidlandi.
Ichki ishlar vazirligiga viloyat hokimlari bilan tezlik cheklovlarini qayta koʻrib chiqsa boʻladigan yoʻl uchastkalari roʻyxatini shakllantirish topshirildi.