O‘zbekistonning bir nechta hududida xorijga ishga yuborishni va’da qilib, katta miqdorda pul olgan shaxslar qo‘lga olindi.
Bosh prokuratura huzuridagi Departament va DXX xodimlari hamkorligida o‘tkazilgan tadbirlarda, Sergeli tumanida ikki fuqaro AQShga ishga yuborishni va’da qilib, fuqarodan 22 ming dollar, Namanganda esa yana bir shaxs Yaponiyaga yuborish evaziga 10 ming dollar olganida ushlandi.
Farg‘onada, o‘zini Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi xodimi deb tanishtirgan shaxs Janubiy Koreyaga ishga yuborishni va’da qilib, 5 ming dollar olgan. Andijonda esa til o‘rgatuvchi markaz xodimi Janubiy Koreya vizasini olib berishni aytib, fuqarodan 4,500 dollar olganida qo‘lga tushgan.
Barcha holatlar yuzasidan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilgan va tergov davom etmoqda.