Buxoro shahar perinatal markazida kesarcha kesish orqali bir ayoldan uchlik egizak tug‘ildi. Bu haqda markaz rahbari Nodir Jo‘rayev ma’lum qildi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, 37 yoshli ayol 33 haftalik homilasi bilan kasalxonaga yotqizilgan. Tekshiruvlar davomida homilaning biri noto‘g‘ri joylashgani aniqlanib, shifokorlar jarrohlik amaliyoti o‘tkazishga qaror qilgan.
Amaliyot natijasida 1 qiz va 2 o‘g‘ildan iborat egizaklar dunyoga keldi. Ular mos ravishda 2 600 gramm, 2 650 gramm va 2 550 gramm og‘irlikda tug‘ilgan.
Hozirda ona va chaqaloqlarning ahvoli qoniqarli bo‘lib, shifokorlar nazorati ostida qolmoqda.
Perinatal markaz ma’lumotiga ko‘ra, bu 2025-yil boshidan beri qayd etilgan beshinchi uchlik egizak hisoblanadi.