Buyuk Britaniyada koronavirusning yangi shtammi – Stratus tarqalmoqda. Bu haqda “The Independent” nashri xabar berdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ushbu shtammning ikkita turi — XFG va XFG.3 aniqlangan. Yangi shtammning eng e’tiborga molik belgilaridan biri — xirillagan ovoz. Mutaxassislar bu simptom aynan Stratus bilan kasallangan bemorlarda ko‘p uchrayotganini bildirgan.
Hozirda Britaniyada aniqlanayotgan COVID-19 holatlarining 30 foizi aynan shu ikki shtamm hissasiga to‘g‘ri kelmoqda.
Buyuk Britaniya sog‘liqni saqlash xavfsizligi agentligi (UKHSA) bu shtamm avvalgilariga qaraganda yuqori xavf guruhidagi insonlar, ya’ni immuniteti past bo‘lganlar uchun xavfliroq ekanini ta’kidlamoqda. Virusning keng tarqalishiga esa aholi orasida emlanganlar sonining kamaygani sabab bo‘lgan.
Shifokorlar sayohatchilarga gigiyena qoidalariga qat’iy amal qilish, odamlar gavjum joylardan saqlanish va zarurat bo‘lmasa sayohatni kechiktirishni maslahat berishmoqda.
Mutaxassislarning aytishicha, yangi shtamm hozircha jiddiy xavf tug‘dirmayotgan bo‘lsa-da, emlanmagan va sog‘lig‘i zaif odamlar uchun xavf darajasi yuqori bo‘lishi mumkin. Shu bois, sog‘liqni saqlash tashkilotlari vaziyatni diqqat bilan kuzatmoqda.