Amazon asoschisi va dunyoning eng boy odamlardan biri Jeff Bezos 27-iyunda telejurnalist Loren Sanches bilan Italiyaning Venetsiya shahrida nikohdan oʻtdi.
San-Jorjo-Majore orolida bo‘lib o‘tgan hashamatli marosim “asr to‘yi” deb atalmoqda, biroq bu voqea shaharda noroziliklarga ham sabab bo‘ldi.
Bezos va Sanches ilk bor 2016-yilda tanishgan, biroq ular jamoat oldida rasmiy juftlik sifatida 2019-yilda ko‘ringan — Bezos sobiq rafiqasi Makkenzi Skott bilan ajrashganidan so‘ng.
To‘y uch kun davom etgan va bir nechta joylarda tantanalar bilan nishonlangan. Asosiy marosim tarixiy bazilika ichida o‘tkazilgan bo‘lsa, ziyofatlar shaharning turli hashamatli joylarida davom etgan. Tadbirda Leonardo DiKaprio, Oprah Uinfrey, Ivanka Tramp va uning turmush oʻrtogʻi Jared Kushner, Kardashyanlar oilasi vakillari, Orlando Bluum va boshqa ko‘plab mashhurlar qatnashdi. Ulardan ayrimlari xususiy samolyotlar va yaxtalar orqali shaharga kelgan.
Kelin — Sanches marosimda “Dolce & Gabbana” modalar uyida tikilgan oq libosda namoyon bo‘ldi. Bezos unga 30 karatli olmos uzuk taqdim etgan — taxminiy bahosi 5 million dollardan oshadi. Kelin marosim davomida 27 xil libos kiygan.
To‘y umumiy hisobda 40 milliondan 50 million yevrogacha tushgani aytilmoqda. Faqatgina mehmonlar joylashtirilgan “Aman Venice” va “Gritti Palace” kabi mehmonxonalarda bir kecha narxi 3 ming yevrogacha bo‘lgan. Shuningdek, Venetsiya bo‘ylab 30 dan ortiq suv taksilari va o‘nlab xususiy transportlar jalb etilgan. Mehmonlarga italyan oshxonasi asosida tayyorlangan yuqori darajadagi taomlar tortilgan.
Ammo marosim shaharda hamma tomonidan iliq kutib olinmadi. “Bezosga joy yo‘q” (No Room for Bezos) shiori ostida uy-joy himoyachilari, ekologik faollar va talabalar norozilik namoyishlari o‘tkazishdi. Ular Bezosni shaharning tabiiy muhitini buzishda, haddan ortiq turizmni rag‘batlantirishda va ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirishda aybladi.
Bannerlar shaharning markaziy joylariga osildi, norozilar Venetsiya endi badavlatlar uchun shaxsiy sayilgohga aylanib qolganidan norozi.
Venetsiya gubernatori Luka Dzayya esa bu to‘yni shaharning obro‘si va iqtisodiyoti uchun ijobiy voqea deb baholadi. Unga ko‘ra, tadbir shaharga nafaqat boy mehmonlarni, balki yangi sarmoyalarni ham olib kelgan.
Bezos to‘y doirasida ekologik tashabbuslarni ham unutmagan. U Venetsiyani saqlash bilan shug‘ullanayotgan uchta ilmiy tashkilotga jami 3 million yevro miqdorida xayriya qilgan.
To‘y mehmonlaridan sovg‘a olinmagan — ularning nomidan ijtimoiy loyihalarga mablag‘ yo‘naltirilgan.