Netflix platformasida 2021-yilda namoyish etilgan va rekord darajada tomoshabin yig‘gan “Kalmar o‘yini” (Squid Game) seriali aslida to‘liq xayoliy emas. U Janubiy Koreyada 1960–80-yillar oralig‘ida yuz bergan inson huquqlari buzilishlari va ijtimoiy repressiyalarga asoslangan.
Serialda omadsizlikka uchragan odamlar yirik pul mukofoti evaziga hayot-mamot o‘yinlarida qatnashishga majbur bo‘lsa, real hayotda yuzlab bolalar, nogironlar va uysizlar “ijtimoiy yordam” niqobi ostidagi markazlarda zulm va zo‘ravonlikka duchor bo‘lgan.
“Birodarlar uyi” — yashirin lager
1980-yillarda Janubiy Koreya hukumati 1986-yilgi Osiyo o‘yinlari va 1988-yilgi Seul Olimpiadasi arafasida ko‘chalardagi “keraksiz” qatlamlarni — uysizlar, nogironlar, tilanchilarni — Pusandagi “Birodarlar uyi” (Brothers Home) kabi maxsus markazlarga to‘plagan.
Bu muassasalar rasmiy ravishda “reabilitatsiya markazlari” deb nomlansa-da, sobiq mahbuslar buni “modern lager” deb ataydi. Ularning guvohliklariga ko‘ra, har kuni jazolar, zo‘ravonlik, jinsiy tajovuz va majburiy mehnat odatiy hol bo‘lgan.
“Bizga hatto o‘z najasimizni o‘g‘it sifatida ishlatishga majburlashgan. Jaziramada hushidan ketganlar yotib qolsa ham, hech kim parvo qilmasdi,” — deydi sobiq mahbus Pak Sung-ki. “Shuning uchun, barchamiz qanday bo‘lsa ham, bu joydan qochishni orzu qilardik.”
Janubiy Koreya Haqiqat va yarashuv komissiyasi 2022-yilgi rasmiy hisobotida “Birodarlar uyi”da 1975–1986-yillar oralig‘ida kamida 657 odam halok bo‘lganini e’lon qildi. Ammo bu faqatgina aniqlanganlar — real raqamlar bundan ancha katta bo‘lishi mumkin.
Shuningdek, 2023-yilda Seon-gam orolidagi sobiq muassasalardan birida olib borilgan qazish ishlarida 210 dona inson tishlari, 27 ta shaxsiy buyum va 24 ta jasad qoldig‘i aniqlangan. Komissiya vakillari va tirik qolgan guvohlar bu raqam 400–500 nafarga yetishini aytishmoqda.
“Biz har kuni 6 da uyg‘onardik, kun bo‘yi dalada ishlardik. Faqat 25 kg guruch ko‘tarib yurganingdan keyin tushlik berilardi,” — deydi 69 yoshli Chun Jong-su. — “Tushlik esa mushtdek guruch va bir necha tuzlangan qisqichbaqadan iborat edi.”
Serial muallifi Hvan Donx Yuk dastlab “Kalmar o‘yini” ssenariysini 2008-yilda taklif qilganida, u “haddan ortiq zo‘ravon va fantastik” deb baholangan.
Ammo 10 yil o‘tgach, u ssenariyni yana Netflix’ga taqdim etdi — bu safar dunyo o‘zgargan edi: iqtisodiy tengsizlik, ijtimoiy bosim, ruhiy zo‘riqish global muammoga aylangan edi.
“Men oddiy o‘rta sinf vakili ham bir kechada jamiyatning tubiga tushib ketishini ko‘rsatmoqchi bo‘ldim,” — degan edi Hvan.
“Bu men uchun shaxs sifatida achinarli, ammo ijodkor sifatida hayotiy ilhom manbai bo‘ldi.”
Ijtimoiy tarmoqlarda serialni Seon-gam va “Birodarlar uyi” voqealari bilan bog‘lovchi postlar millionlab ko‘rildi. Hatto AI orqali yaratilgan, serialdagi joylarga o‘xshash interyerlarni aks ettiruvchi soxta suratlar ham viral bo‘ldi.
Hozirda Pak va Chun kabi sobiq mahbuslar qazish ishlari yakunlanishini kutmoqda. Chunning aytishicha, o‘sha yerda yotgan do‘stlari ruhlariga duo qilish — uning eng katta umidiga aylangan.
“Bu do‘stlarimiz 50 yildan beri tuproq ostida yotibdi. Men esa har kuni son sanayapman — ularning jasadlari topilib, nihoyat, hurmat bilan dafn etiladigan kunni kutyapman,” — deydi Pak.