71 yoshli Selma Shahin Kutahyo Dumlupinar universitetining Go‘zallik sanʼati kasb-hunar kollejida grafik dizayn bo‘yicha ikki yillik o‘qishni muvaffaqiyatli tugatdi.
Yoshligida otasining moddiy imkoniyatlari sababli o‘qishni to‘xtatgan Shahin xonim oradan yillar o‘tib orzusiga qaytdi. U avval maktab va litseyni sirtqi shaklda tugatdi, keyin esa oliy taʼlim imtihonidan yetarli ball to‘plab, kollejga o‘qishga kirdi.
Uning aytishicha, rasm va sanʼatga bo‘lgan qiziqish uni grafik dizayn yo‘nalishini tanlashga undagan.
“Bu men uchun katta orzu edi. Yoshim katta bo‘lishiga qaramay, o‘qishdan voz kechmadim. Atrofimdagilar ‘Bu yoshda nima qilasan o‘qib deyishdi, lekin men eshitmadim,” — dedi Selma Shahin.
O‘qish davomida u kompyuter dasturlari bo‘yicha ko‘mak olganini, grafik dasturlarni o‘rganganini, yosh kursdoshlaridan iliq munosabat va yordam ko‘rganini aytdi.
“O‘quvchilar bilan yaxshi chiqishdik. Har kuni o‘qishga borishni intiqlik bilan kutardim. Meni hech kim chetda qoldirmadi. Ular menga ayniqsa kompyuterda juda ko‘p yordam berishdi.”
Kollej o‘qituvchisi Mehtap Ochako‘g‘lining aytishicha, onaxon bilim olishga juda ishtiyoqmand bo‘lgan va yosh talabalar ichida kamyob bo‘lgan qat’iyatni ko‘rsatgan.
Universitet rektori, professor Suleyman Qiziltoproq esa unga “faxriy yorliq” topshirib, bilim olishda yosh to‘siq emasligini ta’kidladi.
Sinfdoshlari ham Selma Shahinga iliq munosabat bildirgan.
Talabalardan biri Bulent Ibrohim Qorayev:
“Selma opa bilim olishning yoshi yo‘qligini isbotladi. Biz undan ham o‘rnak oldik,” — deydi.