Toshkent shahrining Sergeli tumanida Damas avtomobili va skuter ishtirokida ro‘y bergan yo‘l-transport hodisasi bir inson hayotiga zomin bo‘ldi.
IIBB xabariga ko‘ra, hodisa 2-iyun kuni soat 23:50 larda Mirzo Tursunzoda va Mehrigiyo ko‘chalari chorrahasida sodir bo‘lgan. Skuter haydovchisi to‘qnashuv oqibatida voqea joyida vafot etgan.
Hozirda Toshkent shahar IIBB Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish qoidalarini buzish odam o‘limiga olib kelgan holat) bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.
Rasmiylar hozircha marhumning shaxsini oshkor etmagan. Hodisaning aniq sabablari va aybdor shaxs tergov yakunida aniqlanishi kutilmoqda.