Farg‘ona viloyatida “Xalq banki”ning O‘zbekiston bank xizmatlari markazida faoliyat yurituvchi mahalla bankiri va boshqaruvchining o‘rinbosari o‘zaro til biriktirib, fuqarolar nomiga kredit ajratish evaziga pora olgani aniqlandi.
Davlat xavfsizlik xizmati (DXX) va Ichki ishlar jazoni ijro etish departamenti xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida bank xodimi 66 million so‘mlik kredit ajratish evaziga 10 million so‘m pora olayotgan paytda qo‘lga olindi.
Dastlabki tergovga qadar tekshiruvlar chog‘ida u ilgari ham kredit ajratish uchun 600 ming so‘m olgani, bank boshqaruvchisi o‘rinbosari esa 920 ming so‘m pora olgani ma’lum bo‘ldi.
Shuningdek, bankning boshqa mansabdor shaxslari, tuman mahallalaridagi 2 nafar hokim yordamchisi va savdo bilan shug‘ullanuvchi MChJ rahbari soxta hujjatlar asosida boshqa fuqarolar nomiga jami 153 million so‘m miqdorida kredit ajratilishiga erishgani aniqlangan. Ushbu pullar keyinchalik naqdlashtirilib, talon-toroj qilingan.
Mazkur shaxslarga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “v” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, hozirda tergov harakatlari olib borilmoqda.
E’tiborlisi shundaki, bank boshqaruvchisi o‘rinbosari ilgari ham — 2000 va 2015-yillarda firibgarlik (JK 168-modda 1-qism) va poraxo‘rlik (JK 211-modda 1-qism) bilan sudlangan, biroq avvalgi jazolardan tegishli xulosa chiqarmagan.