Farg‘ona viloyatida yashovchi erkak Tojikistondan O‘zbekistonga kontrabanda yo‘li bilan 16 kilogrammdan ortiq giyohvandlik moddasi olib kirgani uchun sud tomonidan 15 yil ozodlikdan mahrum etildi, deya xabar berdi O‘zbekiston Davlat xavfsizlik xizmati.
2024-yil 12-noyabr kuni Namangan viloyatining Pop tumanida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida “Lacetti” rusumli avtomobil to‘xtatildi. Avtomobil yo‘lovchisi — Dang‘ara tumanida yashovchi, 1984-yilda tug‘ilgan fuqaroning yuk sumkasidan 3,8 kg “opiy” va 9,8 kg “gashish” moddasi topilgan.
DXXga ko‘ra, dastlabki surishtiruvlar davomida erkak Tojikiston fuqarosi bilan til biriktirib, chegaradan noqonuniy ravishda narkotik moddalarni olib o‘tib, sotishni va katta foyda olishni rejalashtirgani aniqlangan. U zaharli moddalarni Toshkent viloyatining Bo‘ka tumanida qabul qilib olgan.
Shuningdek, 2024-yilning avgust–sentabr oylarida tojikistonlik narkosavdogar tomonidan O‘zbekiston hududiga yetkazilgan 1,9 kg “opiy”, 857 gramm “gashish”, bir dona “Makarov” to‘pponchasi, ikki dona o‘qdon va 18 dona o‘q sud tartibida dalil sifatida rasmiylashtirib olingan.
Jinoyat ishlari bo‘yicha Pop tuman sudining qaroriga ko‘ra, fuqaro Jinoyat kodeksining 28-246-moddasi (giyohvand moddalarni kontrabanda yo‘li bilan olib o‘tish) va 25-273-moddasi (narkotik vositalarni saqlash va sotish) bo‘yicha aybdor deb topilib, 15 yilga ozodlikdan mahrum qilindi.