29-may kuni Toshkentdagi “Jar” stadionida o‘tkazilgan LikeCup havaskor futbol turniri chog‘ida blogerlar va taniqli shaxslar ishtirokida ommaviy mushtlashuv sodir bo‘ldi. Voqea final hushtagi yangraganidan so‘ng, “Kotta bola” va “Malades” jamoalari o‘rtasidagi o‘yinda yuzaga keldi.
Bloger Dilshod Nazarov (Instagram’da 5,3 mln obunachiga ega) maydonda yotgan raqibining boshiga zarba bergani ortidan, raqib jamoa o‘yinchisi unga javoban tashlandi va bu voqea tezda boshqa futbolchilar ishtirokidagi ommaviy janjalga aylanib ketdi.
Hodisa to‘g‘ridan-to‘g‘ri futbol maydonida sodir bo‘ldi, ammo Sport davlat telekanalida jonli translyatsiya to‘xtatilmadi. Video ijtimoiy tarmoqlarda tezda tarqalib, keng muhokamalarga sabab bo‘ldi.
Huquq-tartibot idoralari hodisaga aralashdi. Keyinroq, tashkilotchilardan biri — aktyor va xonanda Alisher Uzoqov, voqeani “nazoratdan chiqib ketgan piar-xod” deb atadi. Uzoqov “hech kim jabrlanmaganini, barchasi sog‘-salomat” ekanini ta’kidladi.
Milliy gvardiya matbuot xizmati voqea yuzasidan e’lon qilgan bayonotida, mushtlashuv oldindan rejalashtirilgan piar aksiyasi bo‘lgani aniqlanganini ma’lum qildi. Jamoat tartibini saqlash uchun xodimlar jalb etilgan, voqea o‘z vaqtida bartaraf etilgan, jabrlanganlar aniqlanmagan.
Tashkilotchilar o‘z ayblarini tan olgani, holat yuzasidan surishtiruv harakatlari olib borilayotgani bildirildi. Aybdorlarga nisbatan jazo choralari ko‘riladi.
LikeCup — “yulduzlar futbol turniri” bo‘lib, unda faqat ommaviy axborot vositalarida mashhurlikka erishgan shaxslar ishtirok etadi. Turnirda “FC Teatr”, “Dutor”, “Sariq Bola”, “Al-Badr”, “Nokaut FC” va “Drama United” kabi mashhur jamoalar qatnashmoqda.
Kelgusida turnir o‘yinlari ustidan nazorat kuchaytirilishi rejalashtirilgan.