Rossiyaning Xanti-Mansiy muxtor okrugi parlamentida bo‘lib o‘tgan so‘nggi yig‘ilishda deputat Xolid Tagizade o‘zbekistonlik migrantlarga oid bahsli va e’tiborni tortuvchi bayonot bilan chiqdi.
Unga ko‘ra, hududga kelayotgan o‘zbeklar oddiy mehnat muhojirlari emas, balki o‘z tarixiy yurtlariga qaytayotgan xalq vakillari sifatida qaralishi kerak. Deputat o‘z fikrini tarixiy dalillar bilan asoslab, bu hududlar avval Sibir xonligi tarkibida bo‘lganini, uning so‘nggi hukmdori esa Shayboniylar sulolasidan chiqqan Kuchiymxon bo‘lganini ta’kidladi.
“Ular bu yerga mehnat izlab emas, balki ajdodlarining izidan qaytmoqda. Shuning uchun ularga nisbatan yondashuv o‘zgartirilishi, ularni tarixiy merosxo‘rlar sifatida tan olish kerak,” — dedi Tagizade.
Parlament raisi mazkur mavzuni yopishga urinib ko‘rgan bo‘lsa-da, deputatning bayonoti siyosiy doiralarda keng rezonansga sabab bo‘ldi. Rossiya OAVlarida muhokamalar boshlangan, ayrim sharhlovchilar bu fikrni tarixiy asosga ega, ammo siyosiy jihatdan nozik masala deb atagan.
Xanti-Mansiy avtonom okrugi Rossiyadagi eng ko‘p mehnat migrantlarini qabul qiluvchi hududlardan biri bo‘lib, Federal Migratsiya Xizmati ma’lumotlariga ko‘ra, bu yerda ro‘yxatga olingan migrantlarning salmoqli qismini o‘zbekistonliklar tashkil qiladi.