2025-yil 3-iyun kuni Janubiy Koreyada navbatdan tashqari prezidentlik saylovi bo‘lib o‘tadi. Bu saylov sobiq prezident Yon Suk Yol tomonidan joriy etilgan harbiy holat to‘g‘risidagi farmondan so‘ng kelib chiqqan siyosiy inqiroz ortidan e’lon qilindi. U isteʼfoga chiqarilgach, mamlakatda siyosiy raqobat kuchaydi. Endilikda prezidentlik uchun ikki asosiy nomzod maydonga chiqqan: Li Je Myon (Demokratik partiya) va Kim Mun Su (konservativ “Xalq kuchi” partiyasi).
Ammo saylov kampaniyasi davomida iqtisodiy dasturlar emas, balki shaxsiy ayblovlar, turmush o‘rtoqlar atrofidagi mojaro va hatto tungi barlar muhokamasi siyosiy bahslarning markaziga aylandi.
Siyosiy yetakchilar o‘rtasidagi to‘qnashuvlar
Demokratik partiya nomzodi Li Je Myon raqibi Kim Mun Suni “Yon Suk Yolning soyasi” deb atadi va uni konservativ avtoritarizmga qaytmoqchi bo‘lgan siyosatchi sifatida taqdim etdi.
Kim Mun Su esa bunga javoban Li Je Myonni “diktator siyosatining darakchisi, xavfli populist” deb ta’rifladi. Kim kampaniyasida Li Je Myonning korrupsiya va hokimiyatdan foydalanish bilan bog‘liq beshta jinoyat ishi borligini asosiy qurol sifatida ishlatmoqda.
Turmush o‘rtoqlar atrofidagi mojarolar
Kim Xe Gyong — Li Je Myonning rafiqasi. U davlat kredit kartasidan shaxsiy xaridlar uchun foydalangani haqida ayblanmoqda. Bu holat konservatorlar tomonidan siyosiy hujum sifatida ishlatilmoqda.
Sol Nan Yon — Kim Mun Suning turmush o‘rtog‘i. U ochiq omma oldida chiqib, Kim Xe Gyongni qattiq tanqid qilmoqda. Hatto mashhur “SNL Korea” dasturida chiqish qilib, uni masxara qildi.
Kofe va “Chanel” sumkalari mojarosi
Kofe mojarosi: Li Je Myon 16-may kuni Gunsan shahridagi mitingda kichik tadbirkorlarga qaratilgan nutqida, tovuqli bo‘tqa sotishdan ko‘ra kofe sotish foydaliroq ekanini aytgan. U bir stakan kofe 8–10 ming vona turishini, donasi esa atigi 120 vona ekanini misol qilgan. Bu bayonot kichik tadbirkorlar, ayniqsa o‘zini o‘zi band qilganlar orasida norozilik uyg‘otdi.
“Chanel” sumkasi mojarosi: Sobiq birinchi xonim Kim Gon Xi (Yon Suk Yolning rafiqasi) 2022-yilda Yagona cherkov vakilidan ikki dona “Chanel” sumkasi va boshqa hashamatli sovg‘alar olganlikda gumon qilinmoqda. Bundan tashqari, unga “Dior” sumkasi va aksiyalar manipulyatsiyasi bilan bog‘liq ayblovlar ham qo‘yilgan. Kim Mun Su bu boradagi savollardan chetlab o‘tmoqda.
Sud va karaoke bar bahsi
Li Je Myon partiyasi sudya Chi Kvi Yonni 2024-yilda Seulning boy hududida joylashgan karaoke bariga ikki noma’lum shaxs bilan birga borgani haqida aybladi. Aytilishicha, hisobni uning hamrohlaridan biri to‘lagan va ular sud ishlariga aloqador bo‘lishi mumkin.
Bu sudya ilgari sobiq prezident Yon Suk Yolni qamoqdan ozod qilish va uni sud jarayoniga hibsdan tashqarida jalb etishga ruxsat bergan edi.
Chi Kvi Yon ayblovlarni inkor etdi va oddiy koreyslar kabi u “samgyopsal” (cho‘chqa go‘shti) va “somaek” (soju va pivo aralashmasi) ichishni yoqtirishini aytdi.
Konservatorlar esa Li Je Myonning partiyasini sud tizimiga bosim o‘tkazishga urinishda ayblamoqda. Ayniqsa, Li hozirda beshta jinoyat ishi bo‘yicha sudga tortilayotgan bir paytda.
Saylovga tayyorgarlik va partiya ichidagi inqiroz
3-iyun kungi saylovda g‘olibni aniqlovchi yagona bosqich bo‘lib o‘tadi, chunki Janubiy Koreyada ikkinchi bosqich (runoff) tizimi yo‘q. Shu sababli ayrim hollarda siyosiy partiyalar kuchlarini birlashtirishga harakat qilishadi.
Bu safar konservativlar ichida raqobat yuzaga chiqdi. Ayrimlar Kim Mun Su o‘rniga sobiq bosh vazir Han Dok Suni nomzod sifatida ilgari surmoqchi bo‘lishdi. Ular kechasi favqulodda yig‘ilish o‘tkazib, Kimni almashtirishga urinishdi. Ammo bu taklif ertasi kuni partiya a’zolari tomonidan rad etildi.
Kim bu harakatni “tungi siyosiy to‘ntarish” deb atadi va kichik konservativ partiyalar bilan ittifoq tuzishga urindi. Ammo bu harakatlar ham muvaffaqiyatli kechmadi.
Janubiy Koreyada prezidentlik poygasi bu safar an’anaviy muhokamalardan uzoqlashib, shaxsiy ayblovlar, oilaviy mojarolar va jamoatchilikni larzaga solgan ijtimoiy voqealar atrofida aylanyapti. Saylov kampaniyasining markazida siyosiy dasturlar emas, balki Chanel sumkasi, karaoke-bar va kredit karta mojarolari turibdi.
Bu esa yangi prezident kim bo‘lishidan qat’i nazar, uni murakkab siyosiy va axloqiy ishonch inqirozi kutayotganini anglatadi. 3-iyun kuni xalq faqat nomzodni emas, balki yangi siyosiy madaniyatni ham tanlashi kerak bo‘ladi.