Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu seshanba kuni G‘azo sektoridagi harbiy havo hujumlaridan biri natijasida Hamas harbiy qanoti yetakchisi Muhammad Sinvar o‘ldirilganini e’lon qildi. Bu haqda u Knessetdagi chiqishi vaqtida ma’lum qildi.
“Sinvar yo‘q qilindi. Bu Hamasga qarshi kurashda muhim burilish nuqtasidir,” dedi Netanyahu.
Sinvar Isroil rasmiylari tomonidan 2023-yil 7-oktabr hujumlarining asosiy rejalashtiruvchisi sifatida ko‘riladi. U G‘azoda Izzuddin al-Qassam brigadalariga boshchilik qilgan va bir necha bor Isroil xavfsizlik xizmatlari nishonida bo‘lgan. Isroil armiyasi u yashiringan deb gumon qilingan Xon Yunisdagi tunnel tarmog‘iga zarba berganini bildirgan.
Hujumlar may oyi o‘rtalarida sodir bo‘lgan, biroq Sinvarning o‘limi rasman hozir e’lon qilinmoqda. Netanyahu uning jasadi tunnel ichida topilganini ta’kidladi.
Hamas bu da’volarni hozircha tasdiqlamagan yoki inkor etmagan. Guruh vakillari bu borada izoh berishdan bosh tortdi.
Bu orada, BMT va xalqaro yordam tashkilotlari G‘azodagi gumanitar vaziyatning tobora og‘irlashib borayotganidan ogohlantirmoqda. Hududda oziq-ovqat, dori-darmon va toza ichimlik suvi tanqisligi yuzaga kelgan.
Netanyahu o‘z bayonotida harbiy operatsiyalar davom etishini aytib, “Hamas rahbarlari bizni to‘xtatolmaydi,” dedi.