2025-yilning birinchi choragi yakunida O‘zbekiston davlat qarzi 2,22 mlrd dollarga oshib, jami 42,4 mlrd dollarni tashkil etdi. Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi ma’lumotlariga tayanib ma’lum qilindi.
Davlat qarzi tarkibida tashqi qarz 35,56 mlrd dollar yoki jami qarzning 84 foizini, ichki qarz esa 6,87 mlrd dollarni (16 foiz) tashkil etadi. Qarzdorlik yalpi ichki mahsulotga (YAIM) nisbatan 33,5 foizga tushgan.
Eng yirik kreditor Osiyo taraqqiyot banki bo‘lib, uning oldidagi qarz qoldig‘i 7,75 mlrd dollarga yetdi va bir chorakda 331 mln dollar oshdi. Jahon banki ikkinchi o‘rinda (7,45 mlrd dollar), xalqaro investorlar esa uchinchi o‘rinda (5,66 mlrd dollar) turadi.
Davlat tashqi qarzi asosan davlat budjetini qo‘llab-quvvatlash uchun jalb qilingan — 16,8 mlrd dollar. Qishloq xo‘jaligi va suv xo‘jaligi sohalariga ajratilgan qarzlar 3,04 mlrd dollarni tashkil etadi. Energetika sohasi (yoqilg‘i, neft, gaz, elektr) qarz qoldig‘i 5,89 mlrd dollar bo‘lib, o‘sish 146 mln dollarni tashkil etdi.
Valyuta tarkibida dollar kreditlari 65 foizni, o‘zbek so‘mi 10 foizni, yapon iyenasi 6 foizni va yevro 8 foizni tashkil qiladi.
Aholi jon boshiga davlat qarzi 1 125 dollarni tashkil etmoqda.
Mutaxassislar prognozlariga ko‘ra, 2027-yilda davlat qarzi 55,9 mlrd dollarga yetishi mumkin, biroq YAIMga nisbati o‘zgarishi sekin va boshqariladigan darajada bo‘ladi. S&P agentligi 2028-yilga kelib davlat qarzi YAIMning 40 foizigacha oshishini taxmin qilmoqda.