Davlat xavfsizlik xizmati tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Rossiya va Qozog‘istondan noqonuniy yo‘llar bilan olib kelingan qiymati 5,3 milliard so‘mlik dori vositalari aniqlandi.
Ma’lum qilinishicha, Toshkent viloyatidagi “Yallama” chegara bojxona postida Rossiya va Qozog‘istondan O‘zbekistonga faoliyat yurituvchi korxonalar nomiga yuborilgan ikki dona “GAZ” yuk mashinasi to‘xtatildi. Ushbu yuk mashinalari bojxona nazoratidan o‘tish uchun “qizil yo‘lak”dan kirib, bojxona xodimining nazorati ostida postga yo‘naltirilgan.
Biroq yarim yo‘lda bojxona inspektori yuk mashinalarini nazoratsiz qoldirib, belgilangan manzilgacha kuzatib bormagan. Shu imkoniyatdan foydalanib, haydovchilar yo‘nalishni o‘zgartirib, Yuqori Chirchiq tumanidagi bir fuqaroning xonadoniga borishgan.
Tekshiruv davomida aniqlanishicha, yuk mashinalarida kitob, aksessuar va kiyimlar orasiga yashirilgan, hujjatsiz 214 nomdagi jami 52 459 dona dori vositasi olib kelingan. Ular orasida “Aktovegin”, “Kleksan”, “Remaksol” kabi dori vositalari bor edi. Dori vositalari yuk mashinasining bojxona muhrini buzmagan holda xonadonga tushirilgan.
Dori vositalarini tushirilgan joyda DXX va Bojxona qo‘mitasining shaxsiy xavfsizlik boshqarmasi xodimlari tomonidan ushlanishgan.
Ushbu dori vositalarining umumiy qiymati 5 milliard 353 million so‘mni tashkil qiladi.
Tergovga qadar tekshiruv davomida Qozog‘iston fuqarosi mazkur tovarlarni O‘zbekistonga o‘tkazib berish evaziga haydovchilarga 2000 dollar va’da qilgani ma’lum bo‘ldi.
Hozirda haydovchilar va dori vositalari tushirilgan xonadon egasiga nisbatan Jinoyat Kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi ochilib, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Shuningdek, xizmat majburiyatini to‘laqonli bajarmagan “Yallama” chegara bojxona posti inspektorining xatti-harakatlariga nisbatan tergov davom etmoqda va unga nisbatan huquqiy baho beriladi, deyiladi rasmiy xabarda.