Dushanba kuni G‘azo sektorining janubiy qismida joylashgan Rafah shahridagi yordam markazida yuzaga kelgan tartibsizlik chog‘ida kamida bir kishi halok bo‘ldi, 48 nafari esa yaralandi.
Bu markaz AQSH va Isroil tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan yangi yordam dasturi doirasida tashkil etilgan edi.
Hodisa vaqtida minglab falastinliklar oziq-ovqat va boshqa zarur mahsulotlarni olish uchun markaz atrofiga to‘planib, to‘siqlarni buzib o‘tishga urinishgan. Isroil harbiylari ularni ogohlantirish uchun havo tomon o‘q uzganini bildirgan, ammo ayrim guvohlarning aytishicha, odamlar orasiga ham o‘q ketgan.
BMTning inson huquqlari bo‘yicha vakili Ajit Sunxay yaralanganlarning aksariyati o‘qdan jarohat olganini tasdiqladi. Biroq otishmani aynan kim boshlagani noma’lumligicha qolmoqda.
Yangi yordam markazi va uni boshqaruvchi G‘azo Gumanitar Fondi xalqaro miqyosda keskin tanqidga uchramoqda. BMT va boshqa insonparvar tashkilotlar bu tizimni adolatsiz deb atab, yordamni siyosiy nazorat ostida taqsimlashga urinilayotganini aytishmoqda.
Isroil hukumati bu tizim yordamni Hamas qo‘liga tushmasligini ta’minlaydi, deb da’vo qilmoqda. Biroq bu fikrni isbotlovchi dalillar hozircha taqdim etilmagan. BMT esa avvalgi yordam tizimlari yetarli nazorat mexanizmlariga ega bo‘lganini eslatmoqda.
G‘azoda gumanitar ahvol kundan-kunga og‘irlashmoqda. Uch oylik blokada sabab oziq-ovqat, ichimlik suvi va dori-darmon tanqisligi kuchaygan. Yordam markazlaridagi tartibsizliklar va xavfsizlik muammolari esa yordam tarqatishni yanada murakkablashtirmoqda.
Isroil Bosh vaziri Benyamin Netanyahu bu voqeaga munosabat bildirib, tartibsizlik vaqtincha nazoratdan chiqqanini, ammo tezda vaziyat tiklanganini aytdi. Shuningdek, u G‘azo aholisi janubga ko‘chirilishi zarur, degan pozitsiyasini yana bir bor takrorladi.
G‘azodagi vaziyat xalqaro hamjamiyatni xavotirga solmoqda. Insonparvarlik tashkilotlari zudlik bilan amaliy choralar ko‘rishga chaqirmoqda.