Saudiya Arabistoni Pro Ligasi 34-turidagi “Al-Fateh”ga qarshi o‘yinda (2:3) mag‘lub bo‘lganidan so‘ng, “An-Nassr” va Portugaliya terma jamoasi hujumchisi Krishtianu Ronaldu ijtimoiy tarmoqlarda ketishiga ishora qiluvchi izoh qoldirdi.
Ronaldu X (sobiq Twitter)dagi sahifasida:
“Yana bir bob yakunlandi. Tarix esa hali yozilmoqda. Barchaga minnatdorchilik bildiraman.” — deb yozdi.
“An-Nassr” Saudiya chempionatini 70 ochko bilan uchinchi o‘rinda yakunladi va chempion “Al-Ittihod”dan 13 ochkoga ortda qoldi. Mavsum davomida Ronaldu 25 ta gol urib, turnirning eng yaxshi to‘purariga aylandi.
Oldinroq OAVda Ronalduning Klublar o‘rtasidagi Jahon chempionatida qatnashish uchun boshqa jamoaga o‘tishi mumkinligi, shuningdek, unga turli qit’alardan beshta klub qiziqish bildirayotgani haqida xabarlar tarqalgan edi.
FIFA prezidenti Janni Infantino ham strimer IShowSpeed’ga bergan intervyusida, Ronaldu AQSHdagi JCHda qatnashishi mumkinligini va futbolchining yangi jamoaga o‘tishi uchun xaridorlar faol harakat qilishlari kerakligini aytgan.