Turkiyaning mashhur aktyorlari Halit Ergench va Riza Kodjao‘g‘lu G‘ezi bog‘i namoyishlari bo‘yicha sud ishida yolg‘on guvohlik berganlikda aybdor deb topildi. Istanbul sudi Ergenchni 1 yil 10 oy 15 kun, Kodjao‘g‘luni esa 1 yil 8 oy muddatga shartli jazoga hukm qildi.
Bu qaror ularning menejeri Ayshe Barimga qarshi tergov jarayonida kutilmagan burilish sifatida qayd etildi. Ayshe Barim 2013-yildagi G‘ezi bog‘i namoyishlarida faol ishtirok etganlikda gumon qilinib, so‘roq qilingan va keyinchalik hibsga olingan. Prokuratura Barimga 22,5 yildan 30 yilgacha ozodlikdan mahrum qilishni talab qilmoqda.
Aktyorlar sudda Barimni himoya qilish maqsadida guvohlik bergan, ammo prokuratura ularning so‘zlariga shubha bilan qarab, alohida tergov boshlagan. Natijada, ular o‘zlari yolg‘on guvohlik berganlikda ayblanib, sud hukmiga tortildilar.
Ma’lumot uchun: G‘ezi bog‘i namoyishlari 2013-yil 28-may kuni Istanbul markazidagi G‘ezi bog‘ini buzilishdan saqlab qolish uchun boshlangan bo‘lib, keyinchalik butun mamlakat bo‘ylab noroziliklarga sabab bo‘lgan edi.