Isroilning “Channel 13” telekanali tomonidan o‘tkazilgan so‘rovnoma natijalariga ko‘ra, mamlakat fuqarolarining 53 foizi G‘azo sektoriga gumanitar yordam kiritilishiga qarshi ekanligini bildirgan.
34 foiz ishtirokchi esa G‘azoga oziq-ovqat, dori-darmon va ichimlik suvi yetkazib berilishini qo‘llab-quvvatlagan.
So‘rovda ishtirok etganlar orasida Isroil fuqarosi bo‘lgan falastinliklar ham bor edi. Bu esa yahudiy ishtirokchilar orasida yordamga qarshilik darajasi yanada yuqori bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatmoqda.
Isroil parlamentining a’zosi Ayman Uda so‘rov natijalaridan xavotir bildirgan. U ijtimoiy tarmoqda shunday yozgan: “Arab fuqarolari bo‘lmaganida natija qanday bo‘lgan bo‘lardi — tasavvur qilishni ham xohlamayman. Bu natijani bolalarimga tushuntirishga qiynalaman”.
So‘rov natijalari yanvar oyidagi holatga nisbatan sezilarli o‘zgarishni ko‘rsatmoqda. O‘shanda respondentlarning 72 foizi yordam yuborishga qarshi fikr bildirgan edi.
G‘azoda yuzaga kelgan murakkab vaziyat, xalqaro tashkilotlarning otashkesimga chaqiruvi va garovda qolgan isroilliklarning taqdiri bo‘yicha xavotirlar Isroil jamoatchiligidagi fikrlarning o‘zgarishiga ta’sir ko‘rsatgan bo‘lishi mumkin.
Isroilning harbiy amaliyotlari natijasida G‘azoda ko‘plab tinch aholining halok bo‘lgani, hududda oziq-ovqat, suv, dori-darmon va yoqilg‘i tanqisligi yuzaga kelgani haqida xalqaro tashkilotlar xabar bermoqda.
BMT ma’lumotiga ko‘ra, agar yordam yetkazilmasa, G‘azodagi 14 mingga yaqin chaqaloq o‘lim xavfi ostida qolishi mumkin.