Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

Fan-texnika

Qozogʻiston Markaziy Osiyodagi eng kuchli superkompyuterni ishga tushirdi

Gulhayo Naimova 19.05.20252 daqiqa o'qiladi
Pochta :16

Qozogʻiston Raqamli rivojlanish vazirligi 2025-yil may oyida mamlakatda eng kuchli superkompyuter oʻrnatilganini eʼlon qildi.

Qurilma vazirlikka qarashli “Tier 3” darajadagi maʼlumotlar markazida joylashadi va Markaziy Osiyoda birinchilardan bo‘lib bu darajadagi hisoblash quvvatiga ega boʻladi.

Superkompyuter “NVIDIA” kompaniyasining ilgʻor “H200” grafik protsessorlari bilan jihozlangan. U sunʼiy intellekt (AI) va yuqori samarali hisoblash (HPC) vazifalarini bajarish uchun moʻljallangan bo‘lib, taxminan 2 eksaflops – yaʼni soniyasiga ikki kvintillion matematik amallarni bajara oladi.

Rasmiylarning maʼlum qilishicha, ushbu hisoblash resurslari ochiq bo‘lib, neyron tarmoqlarni oʻqitayotgan startaplar, oliy taʼlim muassasalari, ilmiy markazlar hamda sunʼiy intellekt texnologiyalarini amaliyotga joriy qilayotgan kompaniyalar undan foydalanishi mumkin.

Hukumat bu texnologiyani sogʻliqni saqlash, energetika, taʼlim va davlat xizmatlari sohalarida keng qo‘llashni rejalashtirmoqda.

Ushbu loyiha Birlashgan Arab Amirliklarining “Presight” kompaniyasi (G42 guruhiga kiradi) bilan hamkorlikda amalga oshirilmoqda. Abu-Dabi shahzodasi Shayx Xolid bin Muhammad bin Zoid Ol Nahayonning yaqinda Qozogʻistonga qilgan rasmiy tashrifi chogʻida “Presight” va Qozogʻiston Raqamli rivojlanish vazirligi superkompyuter klasterini yaratish bo‘yicha kelishuv imzoladi. “Presight” allaqachon Ostona shahrida oʻz ofisini ochgan.

Superkompyuterlar odatda murakkab ma’lumotlarni qayta ishlash, iqlim modelingi, ilmiy tadqiqotlar va sanoat simulyatsiyalari kabi jarayonlarda qo‘llaniladi.

“Presight” kompaniyasi 2020-yil oxirida Abu-Dabida tashkil etilgan bo‘lib, ma’lumotlar tahlili, dasturiy ta’minot ishlab chiqish va innovatsion texnologik yechimlar bilan shug‘ullanadi. 2023-yil mart oyidan boshlab kompaniya aksiyalari Abu-Dabi fond birjasida (ADX) erkin savdoga chiqarilgan. Hozirda “Presight” 14 mamlakatda faoliyat yuritmoqda.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *