Javohir Sindarov jahon chempionligi matchining 2-partiyasidan keyin Gukeshning London tizimini kutmaganini, lekin bu variantni oldindan puxta tekshirib qo‘yganini aytdi. Qora donalardagi birinchi partiyasini u 20 yurishda durang bilan yakunladi, hisob — 1:1.
Hozir 3-partiya ketmoqda: jonli kuzatingHar bir yurish, ikkala o‘yinchining soati, kompyuter bahosi va o‘z variantingizni yurib ko‘rish imkoniyatiJonli taxtani ochish“Londonni kutmagandim”
Gukesh partiyani 1.d4 va 3.Bf4 bilan, ya’ni London tizimida boshladi. Jahon chempioni bu debyutni shu darajadagi o‘yinda ilgari qo‘llamagan edi. Sindarov esa tez va tayyorgarlik bilan javob berdi.
Rostini aytsam, Londonni kutmagandim, lekin bu variantni avval ham ko‘p tekshirgandim.

11…Qd8 — oldindan o‘ylangan reja
Sharhlovchilarni hayron qoldirgan 11…Qd8 yurishi haqida so‘ralganda, Sindarov bu tasodif emas, rejaning bir qismi bo‘lganini tushuntirdi: farzin d8 ga qaytadi, keyin fil e8 ga, ot esa d7 ga o‘tadi.
Rejam shu edi: …Qd8, keyin qaysidir paytda …Be8, …Nd7. Menimcha, uni eng to‘g‘ri paytda o‘ynadim.
Shu yurishdan keyin Gukesh 25 daqiqa o‘yladi. Keyinroq 16.f3 yurishiga yana 30 daqiqa sarfladi. Oxirida u holatni takrorlashni taklif qildi, Sindarov rozi bo‘ldi.
Esnash haqidagi savolga javob
Partiya davomida Sindarovning sakkiz daqiqalik o‘yi paytida esnagani efirda sharhlovchilar e’tiborini tortdi. Matbuot anjumanida bu haqda so‘rashganda, u jilmayib javob berdi:
Umuman yaxshiman. Raqibim o‘ylayotganda shunchaki dam olishga harakat qilaman. Lekin u yerda uxlab o‘tirmayman, yurishlar haqida o‘ylayapman.

Murabbiy bilan nima haqda gaplashadi
Sindarov partiya oldidan sekundanti Nikita Vitiugov bilan asosan shaxmatdan tashqari mavzularda suhbatlashishini aytdi:
Shaxmat haqida emas, ko‘proq ruhiy narsalar haqida. Ba’zan umuman shaxmatga aloqasi yo‘q boshqa narsalar haqida gaplashamiz.
Chess.com’ga bergan qisqa intervyusida u debyut tayyorgarligi haqida ham to‘xtaldi: “Bu yerda debyutlarda yaxshiroq bo‘lishga harakat qilyapman, lekin baribir partiyani yaxshi shaxmat bilan yutasan.”
Keyingi partiya
Matchning 3-partiyasi bugun, 26-noyabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 19:00 da boshlanadi. Oq donalarda Sindarov o‘ynaydi. Juma kuni o‘yinchilar dam oladi. 2-partiya haqida batafsil — bu yerda, Gukeshning fikrlari — alohida xabarimizda.




