Elektron pochta: jarayonuz@gmail.com

Kurs UZS USD 12 123.38 +51.35 EUR 14 094.64 +77.81 RUB 149.19 +1.18

Qirgʻizistondagi zilzila Toshkentdagi talabalar yotoqxonasida vahimaga sabab boʻldi (video)

Xabaringiz bor, 6-oktyabrga oʻtar kechasi, soat 01:29 da Qirgʻizistonning Jalolobod viloyati hududida 5.7 magnitudali zilzila yuz berdi. Uning kuchi Oʻzbekistonda ham sezildi.

 

Seysmoprognostik monitoring respublika markazi maʼlumotlariga koʻra, Toshkent shahrida yerosti silkinishlari kuchi 2−3 ball atrofida boʻldi.

 

Birozdan keyin ijtimoiy tarmoqlarda Oʻzbekistondagi yotoqxonalarning birida talabalar zilziladan soʻng bino tashqarisiga chiqishga urinayotgani, biroq eshik yopiqligi uchun hamma zalda tiqilib qolgani aks etgan video tarqaldi.

 

 

Gazeta.uz nashrining yozishicha, ushbu holat “Toshkent irrigatsiya va qishloq xoʻjaligi mexanizatsiyalash muhandislari instituti” milliy tadqiqot universitetiga qarashli 8-talabalar yotoqxonasida yuz bergan.

 

“Zilzila vaqti choʻchib, tashvishga tushib qolgan talabalar ommaviy ravishda birinchi qavatga tushib, eshik oldida toʻplanib qolgan. Eshik oldi tiqilinch boʻlgani bois qorovul eshikni tezda ocholmagan”, — degan universitet matbuot xizmati vakillari.

 

Oliygoh yotoqxona mudiri Nodirbek Ubaydullayevning ta’kidlashicha, talabalar yotoqxonaga kelib joylashgan birinchi kundayoq zilzila kabi favqulodda holatlar yuz bersa, liftdan foydalanmaslik, iloji boʻlsa, zinadan harakatlanish kerakligi yoki devor burchaklarida turish kerakligini tushuntirilgan. Lekin lift atrofi yoki bino devorlarida zilzila vaqtida amal qilish zarur boʻlgan yoʻriqnomalar koʻzga tashlanmagan.

 

 

Uning aytishicha, zilzila vaqti vahimaga tushgan talabalarning asosiy qismi — turkmanistonlik yigit-qizlardir. Maʼlumot uchun, 832 oʻringa moʻljallangan bu yotoqxonada hozir 820 nafar talaba yashaydi, ularning 130 nafari oʻzbekistonlik, qolgan bari chet ellik bo’lgan. Yarim talabalar oʻzida nafas qisilishi va boshqa shu kabi noxush oʻzgarishlarni his qilgan talabalar uchun “tez yordam” brigadalari chaqirilib, tibbiy yordam koʻrsatilgan.

 

 

Talabalardan birining aytishicha, u shu vaqtgacha hech zilzilaga guvohi boʻlmagan, ammo 6-oktyabrga oʻtar kechasi yuz bergan yerosti silkinishlari vaqtida vahimaga ham tushmagan.

 

“Oʻquv yili boshida yotoqxona maʼmuriyati favqulodda holatlarda qanday yoʻl tutish kerakligini tushuntirgandi, lekin orqa tomondan chiqish mumkinligini bilmasdim”, — dedi u.

 

Institut matbuot xizmatining Gazetaʻga maʼlum qilishicha, talabalar olomonining videosi ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach, Yunusobod tuman favqulodda vaziyatlar boʻlimi mutasaddilari kelib, yotoqxonadagi vaziyatni oʻrgangan.