Elektron pochta: jarayonuz@gmail.com

Kurs UZS USD 12 437.15 +62.60 EUR 14 480.57 +55.56 RUB 153.34 +0.21

Donald Tramp AQSHda “Urush vazirligi” ni qayta tiklamoqchi

Oq uyning maʼlum qilishicha, Tramp mazkur qarorni bugun imzolaydi. AQShda II jahon urushi tugagunga qadar Urush vazirligi va alohida Dengiz kuchlari boʻlgan. Ular 1949 yilda rasman Mudofaa vazirligiga birlashtirilgan va yangi binoga koʻchib oʻtgan.

New York Timesʼning yozishicha, Tramp maʼmuriyati – harbiy tuzilmani qayta shakllantirish, uning jangovar imkoniyatlarini namoyish etib, yanada agressiv obrazga moslashtirishni koʻrsatadi, deb hisoblamoqda. Tramp bu fikrni ilk marta avgust oyida aytgan va Hegsetni «urush vaziri» deb atagan edi.

«Biz Urush vazirligi davrida aql bovar qilmas tarixiy gʻalabalarga erishganmiz. ʼMudofaaʼ juda himoyaviy eshitiladi. Biz himoyada boʻlishni xohlaymiz, ammo zarurat tugʻilsa, hujumkor ham boʻlishimiz kerak», degandi Tramp.

Pet Hegset ham Pentagonni yangi nom bilan qayta brendlashni bir necha bor nazarda tutgan. Yaqinda Fox News telekanaliga bergan intervyusida: «Biz Birinchi va Ikkinchi jahon urushlarini Mudofaa vazirligi bilan emas, balki Urush vazirligi bilan yutganmiz», degandi. Mart oyida esa u ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida nomni oʻzgartirish boʻyicha soʻrov ham oʻtkazgan.

Florida shtatidan respublikachi senator va Trampning ashaddiy tarafdori Rik Skott ijtimoiy tarmoqlarda bu oʻzgarish Amerika uchun «urushlarni yutish qobiliyatini, ularga faqat javob qaytarishni» aks ettiradi, dedi.

Nyu-Jyersi shtatidan demokrat senator Endi Kim esa bunga qarshi chiqdi. «Amerikaliklar urushlarning oldini olishni xohlashadi, ularni maqtashni emas», dedi u.

AQSh Mudofaa vazirligining ramziy nomi ham bor, bu — Pentagon. Bunday deyilishiga sabab, II Jahon urushidan soʻng Vashingtonda qurilgan vazirlik binosi besh burchak shaklida. Pentagon bugunga kelib, nafaqat ramziy nom, balki OAVda AQSh armiyasi maʼnosini ham anglatadi.

Mudofaa vazirligi va vazir lavozimi Kongress aktlari orqali nomlangan, shuning uchun Trampning farmoni darhol kuchga kirishi nomaʼlum.