Toshkent viloyati, Chinoz tumanida sodir bo‘lgan dahshatli qotillik holati bo‘yicha sud hukmi e’lon qilindi. Tergov materiallariga ko‘ra, ayblanuvchiga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining bir nechta moddasi asosida jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.
Mazkur qotillik joriy yilning mart oyida sodir boʻlgan. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, ayblanuvchi qaynonasining uyida ichkuyov bo‘lib yashagan. Kechki payt u uyga qaytganida uydan begona erkakning qochib chiqib ketayotganini ko‘radi. Bu holatdan so‘ng erkak rafiqasiga yuzlanadi va u xiyonat qilganini tan oladi. Jahl ustida ayblanuvchi oshxona pichog‘ini olib, dastlab turmush o‘rtog‘iga olti marotaba, so‘ngra qaynonasiga sakkiz marta zarba bergan.
Olgan og‘ir tan jarohatlari oqibatida ayol va uning onasi voqea joyida vafot etgan. Sud tibbiy ekspertizasining xulosalari ham bu holatni tasdiqlagan, deb xabar bermoqda “Millar” dasturi.
Kuni kecha Chinoz tuman sudida mazkur ish tafsilotlari koʻrib chiqildi. Sud jinoyatning og‘irligi, ijtimoiy xavflilik darajasini inobatga olib, ayblanuvchiga 22 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinladi.