Shopping cart

Sayt xodimlari o‘z oldiga yurtimizda va jahonda ro‘y berayotgan eng muhim voqea-hodisalar haqida tezkor, aniq va xolis axborot berishni o’z oldiga oliy maqsad qilib qo‘ygan.

  • Bosh sahifa
  • Yangiliklar
  • Rossiya chegarachilari ayrim tojikistonlik va o‘zbekistonliklarga radikal kanallarga obuna bo‘lgani uchun mamlakatga kirishga ruxsat bermayapti
Jahon

Rossiya chegarachilari ayrim tojikistonlik va o‘zbekistonliklarga radikal kanallarga obuna bo‘lgani uchun mamlakatga kirishga ruxsat bermayapti

Malika Haqqiyeva 22.07.20252 daqiqa o'qiladi
58

Rossiya Federatsiyasi Davlat chegarasini nazorat qiluvchi xodimlar, TASS agentligining yozishicha, Tojikiston va O‘zbekiston fuqarolarini telefonlarida terrorchilik va ekstremistik tashkilotlar, shuningdek, radikal yo‘nalishdagi kanallarga obuna bo‘lganini aniqlagan taqdirda Rossiyaga kirishiga ruxsat bermayapti.

TASS bu borada “20 dan ortiq sud hujjatlari”ga asoslangan holda xabar bergan. Garchi agentlik aniq sanalarni keltirmagan bo‘lsa-da, bu holatlar oxirgi bir yarim yil ichida ro‘y bergani aytiladi. Shu davr mobaynida Tojikiston va O‘zbekistonning 20 dan ortiq fuqarosi Rossiyaga kirishga taqiq qo‘yilgani yuzasidan sudlarga murojaat qilgan, biroq ularning arizalari rad etilgan.

TASS keltirgan holatlardan birida, tojikistonlik fuqaroning telefonida Rossiyada taqiqlangan islomiy radikal oqimlar vakillarining va’zlari joylashtirilgan YouTube kanallariga obunalar aniqlangan. Sud hujjatidan iqtibos:

“Tekshiruv jarayonida fuqaro o‘z mobil qurilmasini ixtiyoriy taqdim etdi. Unda YouTube platformasida Rossiya hududida taqiqlangan radikal islomiy targ‘ibotchilarning videolari joylashtirilgan kanallarga obuna bo‘lingani aniqlangan. Bundan tashqari, Dilshod A. Rossiyaga qarshi targ‘ibotga yo‘naltirilgan kontentni ham tomosha qilgani aniqlangan”, — deyiladi sud materialida.

Yana bir nechta holatda esa chegarachilar fuqarolarning telefonlarida Ukraina tarafdorlarining kanallariga obunalar, shuningdek, Rossiya huquq-tartibot idoralari faoliyatini tanqid qiluvchi yozishmalarni aniqlagan.

TASSga ko‘ra, bunday qat’iy nazoratlar 2024-yil 22-mart kuni “Krokus Siti Xoll”da sodir bo‘lgan terakt ortidan kuchaytirilgan.

Shuningdek, RIA Novosti agentligi iyun oyida bergan ma’lumotga ko‘ra, ayrim Ukraina fuqarolarining Rossiyaga kirishi telefonlaridagi yozishmalar va fotosuratlarni o‘chirib tashlagan bo‘lishiga qaramay taqiqlangan. Ular haqida ham “o‘nlab sud hujjatlari”ga tayanilgan.

Leave a Reply

Sizning elektron pochta manzilingiz e'lon qilinmaydi. Kerakli maydonlar belgilanadi *