Qirg‘izistondan O‘zbekistonga 5,2 milliard so‘mlik tilla taqinchoqlarni noqonuniy olib kirishga uringan fuqaro Davlat xavfsizlik xizmati xodimlari tomonidan qo‘lga olindi. Bu haqda DXX matbuot xizmati xabar berdi.
Ma’lumotga ko‘ra, tezkor tadbir Andijon va Farg‘ona viloyatlari bo‘yicha boshqarmalar xodimlari tomonidan o‘tkazilgan. Qirg‘izistonning “Vodil avto” chegara bojxona posti orqali mamlakat hududiga o‘tayotgan, 1992-yilda tug‘ilgan Andijonlik fuqaro to‘xtatilib, tekshiruvdan o‘tkazilgan.
Tekshiruv davomida uning kiyimlari ostiga yashirilgan 859 dona zargarlik buyumlari va 1 dona qo‘l soati aniqlangan.
Ekspertiza xulosasiga ko‘ra, mazkur buyumlar kimyoviy jihatdan oltin hisoblanib, brilliant toshlari bilan bezatilgan. Ularning umumiy og‘irligi 4 kg 155 grammni, bahosi esa 5 milliard 213 million so‘mni tashkil etgan.
DXX ma’lum qilishicha, ushbu taqinchoqlar avval Turkiyadan Qirg‘izistonga olib kelingan bo‘lib, Andijon va Farg‘onadagi 10 nafarga yaqin savdogarlar tomonidan O‘zbekistonga olib kirilishi rejalashtirilgan. Qo‘lga tushgan fuqaro ularni 400 AQSh dollari evaziga chegara orqali olib o‘tishi kerak bo‘lgan.
Hozirda ushbu ish yuzasidan Jinoyat kodeksining 182-moddasi 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Qimmatbaho buyumlar egalarining shaxsi aniqlanmoqda.