Davlat xavfsizlik xizmati va bojxona organlari hamkorligida o‘tkazilgan tezkor tadbir chog‘ida Buxoro tumanida istiqomat qiluvchi, 1985-yilda tug‘ilgan fuqaroning yashash xonadoni va unga tegishli avtomashina ko‘zdan kechirilganda sifati kafolatlanmagan, hujjatlari bo‘lmagan 978 quti dori vositalari aniqlandi.
Ular orasida “Imudon”, “Serobrolizin”, “Dofamin”, “Maaloks” kabi 78 nomdagi dori vositalari bor.
Tezkor surishtiruv davomida aniqlanishicha, Buxoro shahrida yashovchi 1962-yilda tug‘ilgan shaxs ham ushbu noqonuniy faoliyatga sherik bo‘lgan.
“Farmatsevtika mahsulotlari xavfsizligi markazi” davlat muassasasining xulosasiga ko‘ra, mazkur dorilarning 32 nomdagisi davlat reestrida qayd etilmagan, 57 nomdagisining muvofiqlik sertifikati mavjud emas, 6 nomdagi dorilar sifatsiz deb topilgan, 4 nomdagi mahsulot esa qalbakilashtirilgan. Shuningdek, barcha dorilar belgilangan saqlash me’yorlariga zid tarzda saqlangan.
Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 25-moddasi va 186 prim 3-moddasi 2-qismi “b” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi, tergov harakatlari olib borilmoqda.
Rasmiylarga ko‘ra, agar mazkur dorilar aylanmadan o‘z vaqtida chiqarilmaganida, ular Buxoro shahri, Shofirkon, Peshku va Romitan tumanlaridagi dorixonalar orqali aholiga sotilishi mumkin edi.