Elektron pochta: [email protected]

Kurs UZS USD 11 903.15 −62.36 EUR 13 329.15 −108.12 RUB 146.75 +0.79

Ukrainadagi urushda qatnashgan buxorolik erkakka hukm oʻqildi

IMG 20250702 223209 760

Buxoro viloyatining Romitan tumanida yashovchi 1993-yilda tug‘ilgan fuqaro Ukraina hududidagi harbiy harakatlarda qatnashgani uchun 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi. Bu haqda jinoyat ishlari bo‘yicha Romitan tuman sudi qaror chiqardi.

Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, sud yopiq tartibda o‘tkazilgan. Sudda prokuratura tomonidan taqdim etilgan hujjatlar, ekspert xulosalari va guvohlarning ko‘rsatmalari asosida ayblanuvchining aybi to‘liq isbotlangan.

Ma’lum bo‘lishicha, erkak 2018-yilda ish izlab Rossiyaga ketgan. 2024-yilda vaqtinchalik hibsga olinganida, unga Rossiya Qurolli Kuchlariga yollanib, Ukrainadagi harbiy operatsiyalarda qatnashish taklifi berilgan. U bu taklifga rozi bo‘lib, Lugansk viloyatidagi janglarda qatnashgan.

Urush davomida tan jarohati olgani va Rossiya harbiy shifoxonasida davolangani aniqlangan. Shuningdek, jangovar xizmatlari evaziga 3 million rubl miqdorida pul mukofoti olgan. U 2024-yil dekabr oyida O‘zbekistonga qaytgan.

Tekshiruv jarayonida uning telefonida va elektron pochtasida urushga oid suratlar, tibbiy hujjatlar va moddiy yordam to‘g‘risidagi ma’lumotlar aniqlangan.

Sud unga Jinoyat kodeksining 154-moddasi (yollanma jangari sifatida urushda qatnashish) bo‘yicha ayb qo‘yib, umumiy tartibdagi jazoni o‘tash uchun 5 yil muddatga qamoq jazosi tayinladi. Sud qaroriga ko‘ra, ehtiyot chorasi bekor qilinib, u darhol sud zalidan qamoqqa olingan.