AQSH prezidenti Donald Trampning bayonotiga ko‘ra, Isroil G‘azo sektorida 60 kunlik o‘t ochishni to‘xtatishga rozilik bildirgan.
Bu kelishuv Tramp ma’muriyati bilan olib borilgan muzokaralar natijasida yuzaga kelgan. Bu haqda u 1-iyul kuni o‘zining Truth Social ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasida yozdi.
“Vakillarim bugun isroilliklar bilan G‘azo bo‘yicha juda muhim va samarali uchrashuv o‘tkazishdi. Isroil 60 kunlik sulhga oid zarur shartlarga rozi bo‘ldi. Bu vaqt ichida biz barcha tomonlar bilan birgalikda urushni to‘xtatish yo‘lida ishlaymiz,” – deb yozgan Tramp.
Uning so‘zlariga ko‘ra, bu tashabbusni amalga oshirishda Qatar va Misr muhim vositachilik rolini bajarmoqda. Tramp ushbu davlatlar tinchlik o‘rnatish uchun “katta harakat qilganini” ta’kidlab, ular kelishuv tafsilotlarini boshqa tomonlarga yetkazishini qo‘shimcha qildi.
So‘nggi oylarda G‘azodagi mojaro yana kuchaygan. 18-martga o‘tar kechasi Isroil Mudofaa kuchlari G‘azo sektoriga keng ko‘lamli havo hujumlarini boshlagan. Bu harakatlarga sabab sifatida Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu HAMASning sulhni uzaytirish va garovga olinganlarni ozod qilish haqidagi AQSH taklifini rad etganini ko‘rsatgan edi.
Rasmiy ravishda Isroil bilan HAMAS o‘rtasidagi sulh 1-mart kuni nihoyasiga yetgan. Ammo bu vaqt ichida tomonlar orasida keng ko‘lamli to‘qnashuvlar ro‘y bermay, xalqaro vositachilar ziddiyatni muzokaralar yo‘li bilan hal qilishga urinib kelayotgan edi.
Tramp e’lon qilgan 60 kunlik sulh rejasining asosiy maqsadi – harbiy harakatlarni vaqtincha to‘xtatib, diplomatik yechim topish uchun imkon yaratishdir. Sulh davrida vositachilar, jumladan AQSH, Qatar va Misr har ikki tomon bilan ishlashni davom ettirib, doimiy tinchlikka erishishga harakat qiladi.
Mazkur bayonot xalqaro hamjamiyatda turlicha baholanmoqda. Ayrim kuzatuvchilar buni muhim diplomatik siljish deb bilsa, boshqalar bu faqat vaqtincha pauza bo‘lishi mumkinligidan xavotir bildirmoqda.
Hozircha HAMAS bu yangi sulh taklifiga rasmiy javob bermagan.