Finlyandiya, Polsha va Boltiqbo‘yidagi uch davlat — Estoniya, Latviya va Litva — piyoda askarlarga qarshi minalarni taqiqlovchi Ottava konvensiyasidan chiqish niyatini e’lon qildi. Bu davlatlar Rossiya bilan bo‘lgan chegaralarni minalar bilan himoyalashni rejalashtirmoqda. Bu haqda Britaniyaning The Telegraph nashri xabar berdi.
Nashrga ko‘ra, “yangi portlovchi temir qalqon” Finlyandiyaning shimolidagi Laplandiyadan tortib Polshaning sharqiy hududi — Lyublingacha cho‘zilishi mumkin. Rejaga ko‘ra, zarur bo‘lsa, ushbu davlatlar o‘z chegaralari bo‘ylab millionlab minalarni joylashtiradi. NATO bu orqali Rossiya va Belarus bilan umumiy 3460 kilometrli chegara xavfsizligini ta’minlamoqchi.
Bu qaror xalqaro miqyosda mina qurollarini taqiqlashga qaratilgan harakatlarning zaiflashganini anglatadi. Ma’lumot uchun, marhuma malika Diana 1997-yilda Angolaga qilgan tashrifi chog‘ida ushbu qurollarning xavfi haqida ochiq gapirib, ularni butunlay taqiqlashni yoqlagan edi.
Litva mudofaa vaziri Dovile Shakalene konvensiyadan chiqish sababini tushuntirib, Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushi, xalqaro huquqni buzishi va chegaradagi harbiy provokatsiyalarni tilga oldi. Uning aytishicha, bu holatlar Litva xavfsizligi uchun real tahdidga aylangan. U, shuningdek, Rossiya konvensiyani imzolamaganini va hozirgacha eng ko‘p mina ishlab chiqarayotgan davlat bo‘lib qolayotganini eslatdi.
Litvaning sobiq mudofaa vaziri, hozirgi parlament a’zosi Laurinas Kaschyunas esa minalar kengroq mudofaa tizimining bir qismi bo‘lishini, ular bilan birga tanklarga qarshi to‘siqlar, dronlar va uzoq masofali qurollar ham ishlatilishini bildirdi.
Minalarning qayta qo‘llanilishi jiddiy xavf tug‘diradi. 2023-yilda dunyo bo‘ylab kamida 2000 kishi mina portlashlari oqibatida halok bo‘lgan, ularning 84 foizi tinch aholi, chorak qismi esa bolalar bo‘lgan. Bu qurol hozir ham Angola, Kambodja, Afg‘oniston va Bosniya va Gersegovina kabi davlatlarda odamlarning umriga zomin bo‘lmoqda.