Gidrometeorologiya xizmati agentligining avtomatik stansiyalari tomonidan e’lon qilingan 18-may kungi holatga ko‘ra, O‘zbekistonning bir nechta hududlarida havodagi zararli mayda chang zarrachalari (PM-10 va PM-2.5) ruxsat etilgan me’yorlardan yuqoriligicha qolmoqda.
Sun’iy yo‘ldosh suratlarida butun mamlakat bo‘ylab, xususan Samarqand, Buxoro, Termiz, Qarshi, Andijon va Farg‘ona viloyatlarida keng miqyosdagi changli oqimlar ko‘zga tashlandi. Havoning ko‘rinishi xiralashgan, ayrim hududlarda esa chang qatlamlari aniq ko‘rinib turibdi.
Mutaxassislar ma’lumotiga ko‘ra, Termiz shahrida havodagi PM-2.5 zarrachalari 130,23 mkg/m³ ni tashkil etgan bo‘lib, bu ruxsat etilgan me’yordan 2,17 baravarga oshgan. Samarqandda esa PM-2.5 darajasi 104,36 mkg/m³, Qarshida – 104,54 mkg/m³, Buxoroda – 105,42 mkg/m³, hammasi xavfli darajadan yuqori. Shuningdek, Andijon va Farg‘ona shaharlari ham salbiy ta’sirga uchragan.
PM-10 zarrachalari bo‘yicha eng yuqori ko‘rsatkich Qarshi shahrida qayd etilgan — 563,29 mkg/m³, bu esa ruxsat etilgan miqdordan 1,88 marta ko‘p. Navoiyda 368,76 mkg/m³, Gulistonda esa 489,95 mkg/m³ miqdorda bo‘lib, u ham sog‘liq uchun xavfli darajada.
Kosmos Monitoring sun’iy yo‘ldosh tasvirlarida ko‘rinishicha, chang oqimlari Sirdaryo, Jizzax va Toshkent viloyatlariga ham kirib kelgan.