2025-yil 1-iyundan O‘zbekistonda nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlik subyektlariga 50 million so‘mgacha subsidiya beriladi. Bu prezidentning “Nogironligi bo‘lgan shaxslarning bandligini ta’minlash tizimini takomillashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi farmonida belgilandi.
Asosiy maqsadlar:
-
Nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun maxsus xizmatlar tizimini joriy etish;
-
Ularni zamonaviy kasblarga o‘qitish va mehnat bozoriga kirishini qo‘llab-quvvatlash;
-
2025-yil oxirigacha 80 ming nafar nogironligi bo‘lgan shaxsning barqaror bandligini ta’minlash.
Subsidiya nima uchun ajratiladi?
-
Surdotarjimon, psixolog va hamrohlik xizmatlarini tashkil qilish xarajatlarini qoplash uchun;
-
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga qabul qilgan tadbirkorlarga.
Bundan tashqari, nogironligi bo‘lgan har bir xodim uchun 6 oy davomida ishlangan har bir oy uchun BHMning 1,5 baravari miqdorida qo‘shimcha subsidiya beriladi.
Yana qanday yangiliklar bor?
-
Nogiron bolalar uchun kunduzgi parvarish xizmati yo‘lga qo‘yildi.
-
Aeroport, vokzal va avtoshohbekatlarda jismoniy imkoniyati cheklanganlar uchun maxsus sharoitlar yaratiladi.
-
Mehnatga layoqatli nogironligi bo‘lgan shaxslarning elektron reyestri yuritiladi.
Mazkur chora-tadbirlar nogironligi bo‘lgan insonlarning hayot sifati va bandligini oshirishga qaratilgan.