Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Anvar Temirov Bandlik va kambag‘allikni qisqartirish vazirligini samaradorlik bo‘yicha keskin tanqid qildi. Parlament yig‘ilishida u mono-markazlarda kasb-hunarga o‘rgatilgan 74 ming nafar fuqaroning ish bilan ta’minlanmay qolganini ta’kidladi.
“Vazirlikning asosiy vazifasi bandlikni oshirish bo‘lsa-da, ajratilgan budjet mablag‘lari reja to‘ldirish uchungina ishlatilmoqda. Fuqarolar o‘qitilmoqda, ammo natijada ish o‘rinlari ta’minlanmayapti,” — dedi Temirov.
Deputat rejalashtirish va natija o‘rtasidagi tafovutni tanqid qilib, vazirlik islohoti quyi bo‘g‘inlargacha yetib bormaganini aytdi.
Bandlik vaziri o‘rinbosari Sirojiddin Boboqulov esa vaziyatni izohlab, 2024 yil oktabr qaroriga muvofiq, kasbiy ko‘nikma maktablari soni 75 tadan 65 taga qisqartirilganini ma’lum qildi. Unga ko‘ra, oila uchun zarur bo‘lgan kasblar (oshpazlik, tikuvchilik) faqat ish beruvchi talabiga asosan o‘rgatiladi.
“Kasb o‘rgatilgan ayollarning ko‘pchiligi oilaviy sabablarga ko‘ra ishga chiqmagan. Endilikda ish o‘rni aniq bo‘lgandagina o‘qitish amalga oshiriladi,” — dedi Boboqulov.
Deputatlar esa bu holatni budjet mablag‘larining samarasiz sarfi deb baholashmoqda va tizimli yondashuvni talab qilishmoqda.