Bugun dunyo futbolida Kilian Mbape nomi faqat sport maydonlarida emas, balki ko‘chalar, reklama afishalari, moda va turli shoularda ham yangraydi.
Yoshi 26 ga yetgan bo‘lsa-da, u allaqachon koʻpchilik uchun ilhom manbai bo‘la oldi. Uning Madridga ko‘chishi va yangi bosqichdagi faoliyati jamiyatda shunchalik aks-sado berdi: metroda uning xet-trigi yangraydi, yoshlar uning futbolkasini kiyadi, yirik brendlar unga imzoli butsalarini bag‘ishlaydi.
Lekin bu shon-shuhratning ildizi yulduzlar orasida emas, Bondy nomli oddiy shahar chekkasidagi bolalik orzularida yotadi. Mbape bolaligini koʻp bora eslaydi.
“Bugungi “Madrid yulduzi” kechagi Bondydagi oddiy bola edi. Xonasi posterlarga to‘la, ko‘zlarida orzu porlagan bola”, deydi u.
Mbapening ichki ruhiyati hech qachon o‘zgarmagan. Uning ichida hali ham g‘ayratli, samimiy va hayotga to‘la ishonch bilan qarovchi oʻsha bola hamon yashaydi.
— Men futbolni aynan Bondyda sevdim. Men aynan o‘sha yerda kimdir bo‘lishni istaganman, — deydi u.Bugun esa u bolaligida qoyil qolgan futbolchilar kiygan Nike Mercurial butsalarini o‘z nomi bilan chiqarish darajasiga yetdi. Bu unga ko‘ra orzuning oddiy belgisi emas — bu o‘z yo‘lini topish, o‘z orzusi ortidan yurgan bola uchun taqdir hadyasi.
Mbappe bolaligida Tieri Anri, Zinedin Zidan kabi afsonalarni kuzatgan, ularning izidan ketgan. Endi esa yangi avlod uning izidan ketmoqda. Biroq u o‘zini “chempionlar oilasi”ga mansub his qilganida, bu oilaning yagona qonuni borligini anglagan: fidoyilik.
U shunday deydi: “Bu nafaqat futbol, balki barcha sportchilarni bog‘laydigan yagona tuyg‘u — fidokorlik. Ba’zan hayotda biror narsani o‘tkazib yuborishingiz mumkin, lekin bu men uchun qurbonlik emas. Bu mening ishtiyoqim.”
Tashqi tomondan — joziba, kameralar, millionlar. Ichkarida esa — oila, videoo‘yinlar, oddiylik tarafdori. “Baxtli bo‘lishni xohlayman,” deydi u. — Bir kuni futbolni tashlayman. O‘sha paytda ham hayotimdan rozi, baxtli inson bo‘lishni istayman.”
Mbapening hikoyasi bu — yulduzlik orqasidagi oddiy inson, bolalik orzulariga sodiq qolgan kishi haqida hikoya. U nafaqat yutuqlari, balki insoniyligi bilan millionlab yuraklarga kirib borgan. Chunki u o‘z orzusini ro‘yobga chiqarish bilangina emas, balki uni yana boshqalarga ulashish orqali ham buyuklikka erishgan.